Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi
Elektr energiyasi – iqtisodiy barqarorlik va aholi farovonligining muhim garovidir. Shu boisdan ham, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, tizimda uchraydigan qonunbuzilish holatlarining oldini olish hamda infratuzilmani muntazam ravishda yangilab borish dolzarb ahamiyat kasb etadi. “Oʻzenergoinspektsiya”ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Soha mutaxassislari elektr taʼminotidagi uzilishlarning oldini olish, noqonuniy ulanishlarni bartaraf etish va eng muhimi, yaqinlashib kelayotgan kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik koʻrish masalalariga alohida eʼtibor qaratmoqdalar.
Aholi va tadbirkorlik subʼektlari bilan doimiy va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish inspektsiya faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Joriy yilning oʻtgan 8 oyi mobaynida boshqarmaga yuridik va jismoniy shaxslardan jami 65 ta murojaat kelib tushgan. Quvonarlisi shundaki, ushbu murojaatlarning 53 tasi joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, qolganlari boʻyicha fuqarolarga batafsil huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Masalan, Amudaryo tumanining Oq oltin ovulidagi fermer xoʻjaliklaridan birining rahbari oʻz obʼektida elektr energiyasidan foydalanish jarayonida tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan notoʻgʻri hisob-kitob yuritilganidan norozi boʻlib shikoyat qilgan. Mazkur holat “Oʻzenergoinspektsiya”ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan zudlik bilan nazoratga olindi. Mutaxassislar murojaatchi bilan bevosita joyiga chiqib uchrashdi, vaziyatni oʻrgandi va natijada tadbirkorning muammosi toʻliq, ijobiy hal qilib berildi. Bu kabi amaliy ishlar isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta, tizimda qonuniylikni taʼminlash, energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlariga chek qoʻyish yoʻnalishida ham keskin choralar koʻrilmoqda. Joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 124 ta qonunbuzilish holati fosh etildi. Ushbu noqonuniy xatti-harakatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 13,2 milliard soʻmni tashkil etgani aniqlandi. Qonunbuzarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga asosan jami 245 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralari qoʻllanildi.
2026-2027-yilgi kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obʼektlarini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Xususan, taʼminotchi korxonalar tomonidan bugungi kunga qadar hududdagi 675 ta transformator punktlari hamda 1927 kilometr uzunlikdagi havo elektr uzatish liniyalarida mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. 672 ta elektr qurilmasi koʻrikdan oʻtkazib, aniqlangan kamchiliklar boʻyicha masʼullarga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi. Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan yirik sanoat korxonalaridan 6 tasida maxsus energoaudit tekshiruvlari oʻtkazildi. Ushbu jarayonda energiya resurslarini tejash yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi va ularning hayotga tatbiq etilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatildi.
“Oʻzenergoinspektsiya”ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan bu kabi keng koʻlamli ishlar avvalo xalq manfaatlariga xizmat qiladi. Elektr energiyasidan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, tarmoqlarni zamonaviy talablar asosida yangilash va noqonuniy holatlarga qarshi kurashish orqali nafaqat iqtisodiy yoʻqotishlarning oldi olinmoqda, balki har bir xonadonga nur va iliqlik yetib borishi kafolatlanmoqda.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶