24.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
24.09.2026, 12:02
Jamiyat 👁 1,500

Onalikdek buyuk baxtdan yuz oʻgirgan ayollar

Onalikdek buyuk baxtdan yuz oʻgirgan ayollar

Ona mehrining qudrati

Qish kunlarida oʻzimizning milliy telekanallarimizdan birida uzoq Qutbda yashaydigan oq ayiqlar haqida koʻrsatuv berildi. Abadiy muzliklarning erib, yil sayin qisqara borayotgani munosabati bilan oq ayiqlar hayotida kuzatilayotgan qiyinchiliklar, ularning soni tobora kamayib borayotgani haqida ogohlikka chorlovchi koʻrsatuvda mening diqqatimni bir narsa tortdi: odatda ona oq ayiqlar juda bolajon boʻlisharkan. Ular bolasini ikki yoshgacha avaylab-asramasa, nobud boʻlib ketarkan. Koʻrsatuvda bahaybat ona ayiqning oʻzi va bolasi uchun yemish topishi yoʻlida qilgan harakatlarini koʻrishning oʻzi odamni mulohazaga chorlaydi. Mana, ular baliq tutib yeb, sal boʻlsa-da, nafsini qondirib, endi ona-bola tin olmoqchi edi, ona ayiq qandaydir xavfni sezib, bezovtalana boshladi.

Shunda ular ochlikdan atrofni larzaga keltirib boʻkirib kelayotgan erkak ayiq ovozini eshitdi. Ona ayiq darrov muz qoyalar oralab (yurish ogʻir boʻlsa-da) bolasini qochishga undadi. Bola ayiq esa boʻysunmay, qor bilan qoplangan adirga tomon yurgisi keladi. Biroq ona ayiq bolasini bu yoʻldan qaytarib, muzli qoyalar sari boshladi. U yer oʻzlari uchun xavfsizroq edi.

Baxtga qarshi, erkak ayiq ularni payqab qolib, iziga tushdi. Niyati bola ayiqni yeb (erkak ayiqlar ochlikdan yemish topolmasa, shunday qilishar ekan), qornini toʻygʻazish edi. Ona-bola ayiqlarning erkak ayiqdan ming mashaqqatlar bilan qochishga urinishi tasvirlangan lahzalarni shunday hayajon, xavotir bilan tomosha qildimki, butun vujudim larzaga keldi. Nihoyat, erkak ayiq ona-bolaning orqasidan quvib yetdi. Shunda ona ayiq ikki oyogʻida tikka turib shunday boʻkirdiki, odamning yurak-yuragini ezib yuborguday bu nolaga afsus, nafs qiynayotgan erkak ayiq parvo qilmay, bola ayiqqa tashlandi. Shunda hayvon boʻlsa-da, koʻzlarida bemisl mehr balqib turgan shoʻrlik ona ayiq oʻzidan ancha yirik, bahaybat erkak ayiq bilan ochiq jangga kirishdi. Oʻz ovozida bolasini qochishga undab, oʻzi erkak ayiq bilan anchagina olishdi. Shu payt erkak ayiq atrofda qandaydir yemish hidini sezib qolib, olishuvni toʻxtatib, atrofni hidlab aylana boshladi. Yarador ona ayiq bundan foydalanib, bolasining izidan yoʻlga tushdi. Koʻrsatuvni oxirigacha yuragimni hovuchlab, ilohim, bola ayiq nobud boʻlmasaydi, degan xavotir bilan tomosha qildim. Xayriyat, oxiri xayrli yakun topdi. Shunda men hatto, hayvonlarda ham ona mehrining qanchalar qudratga ega ekanligiga yana bir bor amin boʻldim...

Ha, ona mehrining qudratiga qiyos yoʻq. U togʻlarni talqon qilguday, daryo suvlarini jilovlaguday cheksiz kuchga ega.

Toʻlqin ovulida 6 nafar yoshgina norasidalari bilan beva qolgan bir ayolni bilaman. Eri vafot etganida eshitgan borki, uni ayadi. Olti bolani yedirib, ichirib voyaga yetkazishning oʻzi boʻladimi? Axir roʻzgʻor yuki qoʻsh hoʻkizni ham holdan toydirib qoʻyadigan lahzalari boʻlishi hammaga ayon. Biroq oʻsha ayol buning uddasidan chiqdi, yomon yoʻlga yurmadi, hukumat idoralariga diydiyo qilib bormadi, dehqonchilik qildi, mol boqdi, kechalari biri-biridan bejirim kiyimlar toʻqidi, quroq quradi.

Hozir oʻsha farzandlarining hammasi voyaga yetib, oilali boʻlib ketishdi. Eng muhimi, mehnatga esh boʻlib ulgʻayishgani bois, barchasi halol, mehnatsevar.

Shular haqida oʻylab oʻtirib, ijtimoiy tarmoqlarda bir necha oy burun – mamlakatimizning iftixoriga aylangan, 43 yoshida ham yosh qizlarday yengil atletika boʻyicha jahon miqyosida oʻtkazilayotgan turli musobaqalar sovrindori, gʻolibi boʻlib kelayotgan, dunyodagi eng keksa atletikachilardan biri deb tan olingan Oksana Chusovitina haqida oʻqiganlarim esimga tushdi.

Bir qarashda hammamiz havas qiladiganimiz bu sportchi ayolning sportda yutuqlarga erishishiga sabab boʻlgan omil ham aynan onalik mehri ekan. Maqolada yozilishicha, uning bir nafar farzandi oq qon kasalligiga chalinib, uzoq yillar davolanishga muhtoj boʻlgan, sportchi onaga moddiy koʻmak uchun hatto, xayriya ham uyushtirilgan ekan. Biroq surunkali davolatish uchun koʻp mablagʻ zarur boʻlgach, Oksana Chusovitina oʻz qaygʻularini hech kimga dasturxon qilib oʻtirmay, dunyo miqyosidagi musobaqalarda gʻolib boʻlib, koʻp mablagʻ topishga erishgan va topganlari evaziga farzandi hayotini saqlab qolgan ekan.

Olti nafar farzandni yolgʻiz boshi bilan yedirib, ichirib voyaga yetkazgan, hayotda ularga halol yashashni oʻrgata olgan ayol qudrati oldida daryoni toʻsish ham hech gap emas, nazarimda.

Farzandini sotgan onalar

Ular haqida ham yozsam, oʻqib koʻrib, “tavba”, dersiz, “qoʻysangchi, boʻlmagan gap” dersiz, ehtimol? Ehtimol, ayrimlar menga oʻxshab ular haqida ijtimoiy tarmoqlarda oʻqib, inson zotining, ayolning shu qadar tubanlikka borishidan koʻngli ogʻrib, baʼzan kechalari uyqusi qochib ham yurgandir? Xayolan menga oʻxshab, ey ona, sen bolangni emas, imoningni sotayapsan! Buning ikki dunyoda ham soʻrovi borligini nahot unutsang, deb xitob qilayotgandir. Axir bola Allohning inoyati-ku, bunga sazovor boʻlolmay, dunyoda farzand dogʻida kuyib kul boʻlayotgan ayollar ham bisyor ekanligini koʻrmayapsanmi, koʻzlaring koʻrmi, deyishni, insofga chaqirishni istovchilar ham koʻpdir? Bunga aminman. Chunki biz bolajon xalqmiz. Borimizni bolamizga ilinadigan, hatto oyogʻiga tikan kirsa, vujud-vujudimiz sirqirab ogʻriydigan xalqmiz.

Taassufki, ana shunday tomiri toza manbalardan oziqlanib kelayotgan nekbin, pokiza xalqning ayrim ayollari oʻz bolasini sotishdek qabih ishlarga qoʻl urayapti.

Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, oʻtgan yilning oʻzida bolasini sotishga uringan oʻndan ziyod ayollar aniqlanib, jazoga tortilgan. Afsuski, bundan tegishli xulosa chiqarmagan Fargʻona viloyatida yashovchi bir ayol shu yilning 18-yanvarida 3 oylik chaqalogʻini 13 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida, Shahrisabzda bir shifokor tugʻib tashlab ketilgan qiz chaqaloqni 1 ming 200 dollarga pullayotganida, Toshkent shahrida esa viloyatdan kelgan bir ayol yoshiga toʻlmagan bolasini bir xonali kvartiraga almashayotgan vaqtida hushyor yurtdoshlarimiz harakati tufayli huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Qashqadaryoda ikki nafar ayol bir haftalik chaqaloqni 3 mln. soʻmga, Termiz tumanida yashovchi 23 yoshli ayol oʻz otasi va onasi bilan jinoiy til biriktirib, bolasini 20 mln. soʻmga, Pishton tumanida P.S ismli ayol 20 kunlik chaqalogʻini 10 ming AQSh dollariga, Buloqboshi tumanida yashovchi M.I ismli ayol 23 kunlik norasidasini 4 ming 500 AQSh dollari va 4 mln. soʻmga, Qiziriq tumanida yashovchi M.Q. 18 kunlik qiz chaqalogʻini 500 ming soʻmga sotayotganda qoʻlga olingan.

Shu jumlalarni yozayotib, koʻnglimga yana bir ogʻriqli savol keldi: bular-ku qoʻlga tushibdi, jinoiy javobgarlikka tortilib, jazosini olibdi (aslida oʻz bolasini sotgan onaga har qanday jazo ham kam), yana qancha qoʻlga tushmagan, bolasini pullab yurganlar bordir? Hah-h, xom sut emgan banda-ya! Bu mudhish xatolaringning u dunyoda ham, bu dunyoda ham javobi muqarrar ekanligini anglaganingda, oʻzingni qanday oqlar ekansan? Norasidangning uvoli tutib, koʻzing eshikda boʻlib qolgan vaqtlaringda kim holingni soʻrar ekan? Dunyoda farzanddek bebaho neʼmatning qadr-qimmatini qachon anglar ekansan? Nikohsiz bola tugʻish ham gunoh (aksariyat sotilayotgan bolalar nikohsiz tugʻilgan), uni sotishning gunohi undan-da ogʻir ekanligini nahotki bilmasang?!

Ona ... oʻz jigargoʻshasining qotili!

Buni oldinroq oʻqigan edim. Avstraliyalik Mari Krabtri degan ayol bolalarining hayotini katta mablagʻ evaziga sugʻurta qildirib, 18 yoshli oʻgʻliga ogʻriq qoldiruvchi dorini yuqori dozada ichirib, oʻlimiga sababchi boʻlgan. U oʻgʻlining sugʻurta pulini olib, 16 yoshli qiziga ham yuqori dozada dori berib, oʻlishini ham kutib oʻtirmay, oilasining qolgan aʼzolari bilan dengiz sayohatiga joʻnab ketgan. Qizaloqni biror haftalardan soʻng dugonalari izlab kelishganida, oʻlik holda koʻrishgan. Insoniy qiyofasini yoʻqotgan ayol uchinchi farzandi hayotiga ham tajovuz qilmoqchi boʻlgan vaqtida qizaloq odamlarni yordamga chaqirgan.

Toʻgʻrisi, bu xabarni oʻqigan vaq-timda hushimni yoʻqotayozdim. Axir ona, oʻz vujudida toʻqqiz oy koʻtarib, ne bir azobda dunyoga keltirgan, ming mashaqqatlar bilan voyaga yetkazgan oʻz jigargoʻshasini oʻldira olishiga odamning aqli bovar qilmaydi-da!

Toʻgʻri, insoniyat tarixida jang-u jadallar, talotoʻplar, urush-qirgʻinbarotlar koʻp boʻlgan. Bu jarayonlarda qurbonlar ham berilgan. Biroq, tinch-osudalik sharoitida onaning oʻz bolasini, yana pul uchun oʻldirishi nazarimda eng aqlli mavjudot sanalmish inson zotining insonlikdan tonishidir. Axir hayvonlar, qushlar ham oʻz bolalarini qanchalik fidoyilik bilan parvarishlashini, xavf-xatardan himoya qilishini bilamizku!

Oʻqiganimni “hazm” qilishim ogʻirlik qildimi, bilmadim, shu haqda bir suhbatda aytib qoldim.

– Yoʻgʻ-e... – hayratini, nafratini yashira olmadi 33-sonli maktab direktori Hanifa Yaxshimova. – Shunday ona ham boʻlishi mumkinmikan?

Hamsuhbatim jim qoldi. Farzand dogʻi uning yuragiga oʻchmas jarohat solganini men anglab turardim. Bunday azoblar menga bolaligimdan tanish.

Onam... mening munis, mehribon, kichkinagina jussasida olamcha qudrat yashiringan onaginam dunyoga keltirgan ilk ikki oʻgʻli, qizidan ayrilgach, biz yetti tugʻishganni ravo koʻrganiga har nafasida Yaratganga shukrona aytib yashadi. Goh opalarimning, goh singillarimning yo ukamning biror qiligʻimizni bevaqt ketgan nuridiydalariga oʻxshatib, eslab qoʻyar, odatlarini biznikiga mengzab oʻtirardi. Keyin birdan xomush tortib qolganida qanday ovutishga hayron boʻlar edik..

Mayli, bularni qoʻya turay. Menga eng alam qiladigani – bu bolasiga oʻzi ozor yetkazuvchi, joniga qasd qiluvchilar oramizda ham uchrayotgani.

Sening gunohing nima edi, bolajon?!

Qashqadaryolik yoshgina ayol 6 yoshli qizini dala hovlisida qarovsiz qoldirib ketganida qizaloqning yigʻisini eshitib odamlar xabar olishganida uni ayanchli holda koʻrishgan. Yaʼni onasi uni koʻp qarovsiz yolgʻiz qoldirgan, muntazam azoblab kelgan, tanasini kuydirib, kamiga ustiga tuz sepgan...

Voajab! Ayol zoti ham shunchalar bagʻritosh boʻlarkanmi? Kimlardir bu dunyoda farzand tilab, Yaratganga kun-u tun iltijolar qiladi-yu, nomigina ona boʻlgan baʼzi nobakorlar oʻz bolasiga azob bersa?! Eh... qaniydi, agar qonunlarimizda kimningdir birovga bergan ozorini oʻziga qaytarish imkoni boʻlganida edi, oʻsha ayol oʻz qilmishining azobini anglagan boʻlarmidi?

2-aprel kuni Qoʻqon shahridagi Qoʻqon-Toshkent avtobekati yonidan 3 yoshli oʻgʻil bolaning murdasi topilgan. Aniqlanishicha, uni onasi boʻgʻib oʻldirib, shu yerga tashlab, oʻzi ishlash uchun Toshkentga yoʻl olgan. Ayol asli andijonlik boʻlib, turmushidan ajrashgach, ota uyidan ham nizolar tufayli chiqib ketib, ishlash maqsadida Toshkentga borgan. Bola bilan oʻziga mos ish topolmay, alamini bolasidan olib, boʻgʻib oʻldirib, oʻzi Toshkentga qaytib ketgan va Toshkentda qoʻlga olingan.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidagi kanalda yangi tugʻilgan oʻgʻil bola chaqaloqning boʻyin sohasiga mato boʻlagi bogʻlangan holda jasadi topildi. Aniqlanishicha, uning ham qotili oʻz onasi – kollej oʻquvchisi ekan.

Shu yil 5-mart kuni Namangan viloyatining Norin tumanida yashovchi ayol fermer xoʻjaligi bogʻida yollanib ishlayotgan vaqtida toʻlgʻoq tutib qolgan. U bogʻdagi hojatxonada chaqaloqni dunyoga keltirib, qasddan oʻldirish maqsadida hojatxonaga tashlab yuborgan.

Baxtli tasodif tufayli chaqaloq omon qolgan.

Oʻtgan qish mavsumining ayni qahraton kunlarida Namanganda chiqindixonaga tashlab ketilgan chaqaloq haqida “Oʻzbekiston–24” telekanalida aytilganida eshitgan borki, yoqa ushladi.

Ming afsus nadomatlar boʻlsinki, turli joylarga tugʻib, goh sport sumkasiga solingan, goh yalangʻoch holda bolasini tashlab ketish hollari sodir boʻlayapti. Ayol zotining, onaning oʻz zurriyodiga bunchalik bagʻritoshlik qilishi naqadar tubanlik.

Axir dunyoga kelgan bolada nima gunoh? Agar oʻsha kimsalarda ozgina odamiylik, vijdon, insof boʻlganida nikohsiz bola tuqqani uchun oʻzi javobgar ekanini, har qanday jazoga oʻzi loyiq ekanini anglagan boʻlar edi.

Ehtimol, shularni oʻqigan kimdir ularni muhokama qilishning senga nima zarurati bor, deya iddao qilar, oʻzingni bil, oʻzgani qoʻy, der. Biroq, aziz zamondoshim, shu jamiyatda barchamiz birgalikda umrguzaronlik qilar ekanmiz, shu jamiyat taqdiriga barchamiz birdek javobgar ekanligimizni, bu dunyo sinovli dunyo ekanligini, sinovda jazo, mukofot, ajr borligini, bu dunyoda qanday yashaganimizga qarab boradiganimiz jannat va doʻzax degan manzillar borligini aytish, ogohlikka chaqirishni burchim deb bildim.

Alloh taolo marhamat qiladilar: “Bu besh kunlik dunyo hayoti vaqtinchalik bir matoh, xolos. Albatta, oxirat barqarorlik diyoridir” (Gʻofir surasi, 39-oyat). Va yana bir kalimada hamma odamlar tinchlikka doxil (burchli) boʻlishga chaqirilgan. Bas shunday ekan, atrofimizga beparvo qarashga hech birimizning haqqimiz yoʻq, oʻz bolalarining qotili boʻlgan onalarni insofga chaqirish har bir imon-eʼtiqodli insonning burchi. Axir oʻz onasi qoʻli bilan oʻldirilayotgan goʻdaklarda nima ayb?

Oygul PAJABOVA,

jurnalist.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026