Bilim va imkoniyatlar maskani
Maktab inson hayotida va kamolotida muhim ahamiyat kasb etuvchi muqaddas dargohlardan biridir. Zero, insonning ilk orzulari, dunyo haqidagi tasavvurlari, bilimga boʻlgan qiziqishi va kelajakka intilishlari aynan maktab ostonasidan boshlanadi. Maktab nafaqat savod oʻrgatadi, balki insonni fikrlashga, izlanishga, oʻz maqsadi sari intilishga, Vatan va jamiyat oldidagi masʼuliyatini anglashga chorlaydi.
Bugungi kunda mamlakat taraqqiyotini taʼlim va ilm-fan rivojisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu bois Oʻzbekistonda taʼlim tizimini isloh qilish, maktablarni zamonaviylashtirish, oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, yoshlarga sifatli bilim va tarbiya berish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Amudaryo tumanidagi 30-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi jamoasi ham ana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik natijasida samarali faoliyat olib bormoqda.
Maktab tuman markazida, Navoiy mahallasi hududida joylashgan boʻlib, muassasaning asosiy binosi 2012-yilda foydalanishga topshirilgan va joriy yilda dastur asosida 8,6 milliard soʻm mablagʻ evaziga rekonstruktsiya qilinib, 660-oʻrinli 3 qavatli bino qurildi.
Pedagogika jamoasiga maktab direktori Ulugʻbek Raimov rahbarlik qilmoqda. Hozirda maktabda jami 1 104 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda, ulardan 616 nafari oʻgʻil, 488 nafari qiz bolalardir. Jami 46 ta sinf komplekti (“kamplekti” boʻlib oʻqiladi) shakllantirilgan boʻlib, birinchi smenada 24 ta sinfda 574 nafar, ikkinchi smenada esa 22 ta sinfda 530 nafar oʻquvchi bilim oladi. Taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan 12 ta sinfda 265 nafar, rus tilida olib boriladigan 34 ta sinfda esa 839 nafar oʻquvchi tahsil oladi.
Maktabning erishayotgan natijalari, avvalo, tajribali pedagoglar mehnati bilan bogʻliq. Bugungi kunda bu yerda 90 nafar pedagog xodim faoliyat yuritadi. Ularning 88 nafari oliy, 2 nafari oʻrta maxsus maʼlumotga ega. Toifalar boʻyicha 15 nafar oliy, 20 nafar birinchi, 19 nafar ikkinchi toifali oʻqituvchi va 35 nafari mutaxassis oʻqituvchilardir.
Shu bilan birga, 25 nafar pedagog milliy va xalqaro sertifikatlarga ega, 1 nafar oʻqituvchi vazir jamgʻarmasi ustamasini olishga muvaffaq boʻldi. 2026-yilda 3 nafar oʻquvchi asosiy fan olimpiadasining Qoraqalpogʻiston bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi, oʻquvchilarda jami 28 ta milliy va xalqaro sertifikatlar mavjud.
Bitiruvchilar koʻrsatkichi ham ijobiy dinamikani namoyon etmoqda: 2026-yilda 11-sinfni tamomlagan 58 nafar oʻquvchining oliy taʼlim muassasalariga kirish boʻyicha oʻrtacha balli 81,9 ballni tashkil etdi. 2025-yilda bitiruvchilardan 19 nafari, yaʼni 33 foizi oliygohlar talabasi boʻlgan edi.
Moddiy-texnik baza ham bosqichma-bosqich yaxshilanib bormoqda. Bitta kompyuter sinfida jami 24 ta kompyuter oʻrnatilgan va ular toʻliq internet tarmogʻiga ulangan, kutubxona fondi darsliklr va badiiy adabiyotlarga boy. 12ga 24 metr oʻlchamdagi sport zali, laboratoriya xonalari doimo oʻquvchilar bilan gavjum.
Maktab binosida 120 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatilgani muqobil energiyadan samarali foydalanish imkonini bermoqda. Sanitariya sharoitlari ham talab darajasida boʻlib, muassasa binosi markazlashgan ichimlik suvi tarmogʻiga ulangan.
Yaratilgan bu kabi sharoitlar pirovardida oʻquvchilar bilimida va ular qoʻlga kiritadigan yutuqlarda aks etishini inobatga olsak, kelgusida mazkur bilim dargohidan davlat va jamiyat manfaatlari yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qiladigan kadrlar yetishib chiqishiga aslo shubha yoʻq.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶