FVV Akademiyasi imkoniyatlari haqida yoshlarga maʼlumotlar berildi
Tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi, hududlar hamda moddiy boyliklarni xavf-xatardan asrash vazifasi har qanday davlat siyosatining doimiy eʼtibordagi yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi va bu sohaning salohiyati koʻp jihatdan unda faoliyat yuritadigan mutaxassislarning bilimi, amaliy tayyorgarligi hamda kasbiy mahoratiga bevosita bogʻliq.
Shu bois mamlakatimizda qutqaruv xizmati uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini zamon talablari asosida qayta qurish, taʼlim mazmunini amaliyot bilan uygʻunlashtirish, oʻquv jarayoniga ilgʻor usullarni joriy etish va bu sharafli kasbga yoshlarning qiziqishini oshirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ushbu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalarni belgilab bergan boʻldi.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan hududlardagi umumtaʼlim maktablarida, shu jumladan, olis ovullardagi bilim dargohlarida targʻibot-tashviqot tadbirlari izchil tashkil etilmoqda. Bunday uchrashuvlar bitiruvchilarga kasb tanlash borasida aniq yoʻnalish berish bilan birga, ularda sohaga nisbatan qiziqish va hurmat uygʻotishga xizmat qilmoqda.
Akademiya vakillarining navbatdagi targʻibot tadbiri Amudaryo tumanidagi 76-sonli umumtaʼlim maktabida oʻtkazildi. Uchrashuvda maktabning yuqori sinf oʻquvchilari, shuningdek, maktab pedagoglari va fuqarolar ishtirok etib, ular Akademiya faoliyati hamda unda tahsil olish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan toʻliq maʼlumotga ega boʻldilar.
Tadbir davomida fuqarolar va yoshlarga Akademiyaga oʻqishga kirish tartibi, taʼlim yoʻnalishlari hamda tahsil olish uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida atroflicha maʼlumot berildi. Keltirilgan maʼlumotlar oʻquvchilarning kelgusidagi kasb tanlovi yuzasidan tasavvurini kengaytirishga hamda ularni ongli qaror qabul qilishga undashga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Akademiya huzuridagi Qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumi faoliyati, unga oʻqishga qabul qilish tartibi, tahsil olishning oʻziga xos jihatlari va oʻqishni keyinchalik davom ettirish imkoniyatlari haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Mazkur muassasa qutqaruvchilik kasbining amaliy asoslarini egallashni istagan yoshlar uchun taʼlim yoʻlidagi dastlabki va muhim bosqich vazifasini bajaradi.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi toʻgʻrisida batafsil tushuntirishlar berilib, ushbu bilim dargohining yoshlarni sohaga ertaroq yoʻnaltirishdagi oʻrni alohida koʻrsatib oʻtildi. Bunday taʼlim muassasalari oʻquvchilarda intizom, jismoniy chiniqish va vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish bilan birga, ularni kelgusidagi masʼuliyatli faoliyatga erta tayyorlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Akademiyaning Magistratura fakulteti faoliyati, shuningdek, bakalavriat hamda 2+2 taʼlim yoʻnalishlarining oʻziga xos tartibi va afzalliklari xususida ham oʻquvchilarga keng va aniq maʼlumot yetkazildi. 2+2 tizimi yoshlarga taʼlimning turli bosqichlarini oʻzaro bogʻlagan holda, bilim olishni uzluksiz davom ettirish imkonini beradi va mutaxassis tayyorlash sifatini oshiradi.
Uchrashuvning soʻngida oʻquvchilarning qiziqishlari yuzasidan bildirgan savollariga batafsil va asosli javoblar qaytarildi. Aytish joizki, maktab yoshidan boshlangan kasbga yoʻnaltirish ishi yoshlarning kelajakdagi tanlovining puxta boʻlishini taʼminlaydi, zero oʻquvchi oʻz qobiliyati hamda intilishini erta anglasa, tanlagan sohasida yuqori natijalarga erishish imkoniyati sezilarli darajada ortadi. Bu jarayon keyinchalik taʼlim sifatida va mutaxassisning kasbiy barqarorligida ham oʻz aksini topadi.
Taʼkidlash kerakki, qutqaruvchi kasbi jasorat bilan birga chuqur bilim, tezkor qaror qabul qilish koʻnikmasi va yuksak masʼuliyatni talab etadi, shu sababli ushbu yoʻnalishni tanlagan yoshlarning maktab partasidayoq puxta tayyorgarlik koʻrib borishi muhim hisoblanadi. Bu esa maktab, oila va soha taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni talab etadi.
Hududlarda davom ettirilayotgan bunday uchrashuvlar soha taʼlim muassasalari bilan umumtaʼlim maktablari oʻrtasidagi aloqani mustahkamlab, ertaga aholi tinchligi va xavfsizligi posboniga aylanadigan yangi avlod mutaxassislarini saralab olishda ishonchli vosita boʻlib xizmat qiladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶