Maktabgacha va maktab taʼlimi: islohotlar, yutuqlar va yuksak marralar
Mamlakatimizda taʼlim tizimini rivojlantirish, oʻqituvchilarning jamiyatdagi maqomi va obroʻsini yuksaltirish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan. Bu borada Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi oʻquv va tarbiya jarayoniga xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iboratdir.
Tumandagi taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan kadrlar salohiyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, 2026-yilning 1-avgust holatiga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida jami 4089 nafar pedagog mehnat qilmoqda. Ularning 4014 nafari, yaʼni 98,2 foizi oliy maʼlumotli mutaxassislardir. Shu bilan birga, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 935 nafar tarbiyachi va pedagoglar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ularning ham aksariyatini oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar tashkil etadi.
Taʼlim sifatini oshirishda oʻqituvchilarning malakasi muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olib, ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimi ham yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, 2026-yilgi bahorgi attestatsiya natijalariga koʻra, 73 nafar oʻqituvchi 86 va undan yuqori ball toʻplab, 2-yil davomida 70 foizlik ustama olish huquqini qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari, vazir jamgʻarmasi hisobidan eng yuqori ball toʻplagan 20 nafar malakali pedagogga oylik maoshiga qoʻshimcha ravishda 7,5 mln soʻm miqdorida ustama haqi toʻlanishi belgilangan.
Taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. 2025-yilgi investitsiya dasturi doirasida Choykoʻl ovulidagi 59-maktab va Boʻzyop ovulidagi 68-maktab uchun yangi oʻquv binolari hamda sport zallari qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, xalqaro dasturlar doirasida Olmazor, Farovon, Arna boʻyi va Doʻstlik mahallalarida umumiy qiymati salkam 25 milliard soʻm boʻlgan yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari binolari qurilishi yakunlandi. Hozirgi kunda qator maktab va bogʻchalarda rekonstruktsiya va yangi qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Qurilish-taʼmirlash ishlari toʻliq yakunlanmagan ayrim maktablar, jumladan 30-, 39-, 64-va 65-maktablar yangi oʻquv yilini vaqtinchalik boshqa binolarda boshlagan.
Oʻquvchilarning bilim darajasi va erishayotgan yutuqlari ham diqqatga sazovordir. 2025 — 2026 oʻquv yilida asosiy fanlar olimpiadasining respublika bosqichida tuman yoshlari 7 ta sovrinli oʻrinni egallab, umumjamoa hisobida 6-oʻrindan joy oldi. Jumladan, 36-, 39- va 40-maktab oʻquvchilari biologiya, fizika hamda oʻzbek tili va adabiyoti fanlaridan faxrli 1-oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.
Oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari ham yil sayin ortib bormoqda. Joriy yilda maktabni bitirgan 3298 nafar oʻquvchining 854 nafari talabalik baxtiga muyassar boʻldi va ularning kirish imtihonlaridagi oʻrtacha balli 87,6 ni tashkil etdi. Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpogʻiston yoshlari uchun ajratilgan kvota asosida yana yuzlab bitiruvchilar talabalik baxtiga musharraf boʻlishi kutilmoqda.
Taʼlim jarayonlariga yangicha yondashuv sifatida 22 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etildi va bu koʻrsatkich joriy yilda yana 10 ta maktab hisobiga ortdi. Tuman pedagoglari va oʻquvchilari turli koʻrik-tanlovlarda ham yuqori natijalarni qayd etmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, tumandagi maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati yildan-yilga takomillashib, oʻquvchilar va oʻqituvchilar turli darajadagi koʻrik-tanlovlar, nufuzli fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Albatta, bunday ulkan yutuqlar va tizimli oʻzgarishlarning zamirida Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining oʻrni beqiyos. Boʻlim tomonidan taʼlim jarayonini zamonaviy talablar asosida toʻgʻri tashkil etish, oʻqituvchilarning kasbiy malakasini muntazam oshirib borish hamda muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida olib borilayotgan maqsadli ishlar oʻz samarasini bermoqda.
Jumladan, tumandagi yuzlab, minglab iqtidorli oʻgʻil-qizlar ilgʻor bilimlarni chuqur oʻzlashtirib, respublika va xalqaro miqyosdagi bellashuvlarda faxrli oʻrinlarni egallamoqda, taʼlim sifati va samaradorligi esa soʻnggi yillar ichida sezilarli darajada oshdi. Fidoyi pedagoglarning ilgʻor ish tajribalari keng ommalashtirilib, taʼlim jarayoni butunlay yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bogʻchalardagi jajji bolajonlarning har tomonlama sogʻlom boʻlib voyaga yetishida esa tarbiyachilarning fidokorona mehnatlarini alohida eʼtirof etish joiz. Bir soʻz bilan aytganda, Amudaryo tumanida taʼlim sohasi tom maʼnoda yuksalish davrini boshidan kechirmoqda va bunda har bir soha fidoyisining oʻziga xos hissasi bor.
Mana shunday masʼuliyatli va sharafli kasb egalarini, oʻz hayoti va kuch-gʻayratini yosh avlod kamolotiga baxshida qilgan barcha zahmatkash pedagoglarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami – 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan chin qalbdan muborakbod etamiz. Sizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingiz doimo yuksak eʼtirofga munosibdir, ilm yoʻlidagi shijoatingiz va shiddatingiz hech qachon soʻnmasin, aziz ustoz va murabbiylar!
Yalgʻash Shomurodov, Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiri

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶