21.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
21.09.2026, 14:36
👁 3,994

Istiqloldan nurafshon goʻshalar

Istiqloldan nurafshon goʻshalar

Mamlakatimiz mustaqilligining 22 yilligi oldidan

 Qilichboy ovuli:

Xushxabar yoʻlga chorladi

Jurnalist – sayyor xalq. Shu bilan birga yaxshilik, ezgulik ildiz otgan joydan hech boʻlmasa, bir chimdim olib, bu noyob tuygʻulardan mudroq dillarning ogoh boʻlmogʻi uchun umrining har lahzasini beorom oʻtkazuvchi koʻngil. Yangiliklardan dilimiz yayrab, oʻzgarishlardan yashnab-yasharib ketishimiz ham balki, shundan!

Haftaning birinchi ish kunidan tahririyatimizga azim Qilichboydan xushxabar keldi: "Eng namunali fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi” tanlovida qilichboyliklar gʻolib boʻlishibdi!

Quvondik, xuddi oʻzimiz gʻolib boʻlganday, yutuqlar oʻzimiznikiday, tezroq barchaga suyunchilagani, qilichboyliklarning quvonchlariga sherik boʻlgali ijodiy safarga otlandik.

 

Tuprogʻi zar, eli zargar Qilichboy

Qilichboy. Bu zaminda hamisha hayot qaynaydi. Odamlari oʻta fidoyi, mehnatkash, kaftday yerida ming xil ziroat yetishtirib, bogʻlarining naqsh mevalaridan dillarni hayratga solib, poliz va sabzavotlari totidan tillarni lol etib, dongʻi chiqqan el bu. Chunki bu zaminning tuprogʻi boʻlakcha – uning har bir zarrasida shu el dehqonining mehr tafti bor. Yana, Qilichboy osmonida Quyosh ham oʻzgacha - uning issiq nurlari shu zamin ila mangu qovushganday...

Shuning uchun ham qilichboyliklar Yerni,  Yer qilichboyliklarni siylaydi. Shu bois, bu zaminda yashovchi 5115 nafar "men qilichboylikman”, degan har bir fuqaro 1464 gektar maydonni egallagan Qilichboy ovulining har bir qarich yerini obod qilib yashashga odatlangan. Buyuk Oʻzbekiston davlatimiz ichra kichik bir nuqta – Qilichboy ovuli hududining kun sayin qiyofasi oʻzgarib, har bir ovul, mahallalar chiroyini ochib, goʻzallashib borayotgan 49 ta koʻcha, biri-biridan shinam 837 ta xonadonga birlashib, toʻq va farovon hayot kechirayotgan 1107 ta oilaning barchasida oʻzaro ahillik, mehr-oqibat hokim.

Aholisining, tinch-farovon hayot kechirishi uchun OFYda ijtimoiy-maʼnaviy hamda zarur iqtisodiy imkoniyatlar yaratilgan. Avvalo shuni alohida qayd etish kerakki, tomorqa xoʻjaligi uchun ajratilgan 6,7 gektar yer ovul aholisining moddiy farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aynan ana shu tomorqa yerini oʻz oilalari uchun moʻl-koʻl daromad manbaiga aylantirgan, oʻzlaridan ortgan ziroatchilik mahsulotlari bilan ichki bozorimizni toʻldirishga juda katta hissa qoʻshayotgan oila sohiblari koʻpchilikni tashkil etadi. Bugungi kunda tomorqani daromad manbaiga aylantirgan 300ga yaqin oila yengil avtomashina egasi boʻlishgan.

 

Obodlikdan koʻngil charogʻon

- Bizning Qilichboyda bekorchilik-uyat sanaladi, - deydi yigʻin oqsoqoli Bahrom Qodirov. – Har bir oilaning oʻzlari shugʻullanadigan faoliyat turi bor. Birov tadbirkorlik bilan, birov tomorqa xoʻjaligi, yana birovlari uy mehnati - kasanachilik faoliyati bilan shugʻullanishadi.

Oqsoqol aytganiday, qishloq koʻchalarida bekorchilikdan kun sanab, gap-gashtak qilib oʻtirgan bironta odamni uchratmaysiz. Qilichboy tadbirkorlarining saʼy-harakatlari bilan aniq meʼmoriy reja asosida bunyod etilgan 21 ta xususiy doʻkonlar peshtaxtalari kundalik ehtiyoj mollari, sarhil oziq-ovqat, Qilichboy zaminida yetilgan ziroatchilik mahsulotlari bilan toʻla. 16 ta maishiy xizmat shoxobchalari, xalq farovonligiga xizmat qilishga yoʻnaltirilgan 5 ta xususiy korxona esa hamisha mijozlar bilan gavjum. Eng muhimi, bu yerda ovul yoshlari mehnat qilishadi. 28 nafar yakka tadbirkor esa oʻz mehnatlari ortidan oilalari iqtisodi yuksalayotganidan mamnun.

Biz esa oʻtgan qisqa vaqt ichida, mustaqillik yillarida nainki qiyofasi, balki aholisining dunyoqarashi, mehnatga, mulkka munosabati tubdan oʻzgargan, qishloqda yashab turib turmushi tobora farovonlashib borayotgan mulkdorlar safi ancha kengaygan qilichboyliklarga nisbatan dilimizda havas uygʻonganini yashira olmadik. Qishloq qiyofasiga koʻrk bagʻishlab turgan zamonaviy meʼmoriy  yechimga ega kollej, maktab va qishloq vrachlik punkti, 3 ta fermer xoʻjaligi dalalarida moʻl hosildan darak berib, quyoshga boʻy choʻzib oʻsayotgan durkun gʻoʻzalarning avjini koʻrib:

- Alloh bu el odamlarining mehnatiga yarasha rizqini yanada ziyoda qilibdi, koʻz tegmasin! – dedik havaslanib.

 

Hikmatlardagi haqiqatlar

"Qoʻshni-qoʻshniga, el-elga qayishsa, koʻngilda gʻubor boʻlmaydi,” – degan hikmatni koʻp bora tilga olamiz. Ovulda har sohada, har bir ishda bu hikmatning qadri baland. Yigʻin oqsoqoli Bahrom Qodirov rahbarligidagi ishchi guruh ovulda yashovchi har bir kishining, oilaning ahvoli, yashash tarzidan hamisha voqif boʻlib turganligi bois, hududda yashovchi kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalarga OFY maʼmuriyati qaroriga muvofiq oʻz vaqtida moddiy yordam koʻrsatib boriladi. Xususan, 2013-yilning oʻtgan 6 oyi davomida 117 million soʻmdan ortiq mablagʻ aynan shunday oilalarning ijtimoiy muhofazasi uchun ajratildi. 14 yoshgacha  bolasi bor oilalar uchun 47 million 772 ming soʻm, 2 yoshgacha bolasi bor ishlamaydigan yosh onalar uchun 65 million 32 ming soʻm, kam taʼminlangan 6 ta oila uchun esa salkam 5 million soʻmlik mablagʻ moddiy yordam uchun ajratilgani bu boradagi ijtimoiy muammolarning izchil ravishda hal etib borilayotganidan dalolatdir.

- Qilichboyliklar azal-azaldan birining tashvishiga  biri yelka tutib yashashga odatlanishgan, - deydi OFY diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisi Raʼno Jumaniyozova. - Shu bois, ovulimizda kam taʼminlangan oilalarga yordam qoʻlini choʻzib, ularning mushkulini oson qilishga intiluvchi tadbirkor-homiylarimiz anchagina. Aynan shunday homiylik yordami bilan yaqinda bitta oilaga qoramol berildi.

Biri-birini qoʻllab, qoʻshni-qoʻshnisiga qayishib, dillardagi gʻuborni aritib yashayotgan, koʻngli ham, eli ham obod Qilichboy zaminiga Allohning nazari tushgan, - deganlari rost. Mehnatni, Yerni qadrlagan el qadr topadi, - degan hikmatning haqiqatlarini ham biz shu yerda – Qilichboyda koʻrdik-ov! Tumanimizning qardosh Turkmaniston davlati bilan chegara hududida joylashgan, rus, oʻzbek, tatar, qozoq, turkman, boshqird millatlari xuddi bir oila farzandlariday ahil yashab, ildiz otgan bu zaminda har kuni bir ezgulik, yaxshilik tugʻilishiga guvoh boʻldik. Farzand kutayotgan yosh onalar sogʻligiga, farzandlar taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor baland. Jinoyatchilikning oldini olish, aholi osoyishtaligini taʼminlash, toʻy-marosimlarni risoladagiday oʻtkazishni taʼminlashga OFY oqsoqoli Bahrom Qodirovdan tortib kotiba Robiya Jafaqova, Ozod Rahimov, maslahatchi Raʼno Jumaniyozova, ish yurituvchi Shavkat Xudoyberganov, mutaxassis Davronbek Nuraddinov, harbiy hisob boʻlimi mudiri Komiljon  Oltiyev, militsiya tayanch punkti profilaktika nozirlari va OFY posbonigacha – barcha birday masʼul.

OFYda rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish uchun esa yetarli sharoitlar muhayyo:  ikki qavatli maʼmuriy binoda faoliyat olib boruvchi OFY ofisida fuqarolar uchun kutish xonasi, koʻrgazmali vositalar, kompyuter jamlanmasi,  meʼyoriy hujjatlar taxlamlarining mavjudligi zarur ish yuzasidan murojaat  qiluvchilar uchun umuman qiyinchilik tugʻdirmaydi.

Qilichboy OFYning tumanda oʻtkazilgan "Eng namunali fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi” tanlovida 1-oʻringa loyiq koʻrilishi ham bejiz emas, albatta. Biz esa har ishda, har sohada ilgʻor qilichboyliklar erishayotgan yutuqlar, bu eldagi ezguliklardan bir chimdimini siz azizlar bilan baham koʻrdik. Havas va hayratlarimizni, hikmatlarga monand ovul hayotidagi haqiqatlarni qogʻozga tushirdik.

 

"Qangli” ovuli:

Qishloqdagi mulkdor  

"Qangli” ovulidagi  fermer xoʻjaliklarining ekishlik maydonlari asosan oʻrta shoʻrlangan, shoʻrhok yerlardan iborat. Dehqonchilik madaniyati haqida gap ketganida soha mutaxassislari bu hududdagi yerlarni koʻp mehnat va agrotexnik ishlov talab qiladigan yer sifatida taʼriflashadi. Lekin yerning tilini biladigan haqiqiy dehqon uchun bunday ilmiy taʼrif-tavsiflar aslo muammo tugʻdirmaydi. Biz "Qangli” ovulida boʻlganimizda yer, suv sharoiti anchagina murakkab deb hisoblangan bu hududda dehqonchilikni sanʼat darajasiga koʻtara olgan yer egalari – fermerlar borligiga guvoh boʻldik. Va bildikki, qishloq mulkdorlari – fermerlar uchun ularning yeriga sirtdan turib qiyoslangan nazariya emas, shu zaminda yashab, yerga qay faslda va qachon, qanday ishlov berish muhimroq.

"Qangli” ovuli hududini qoq ikkiga boʻlib, loyqalanib oqib yotgan "Xon jigʻali” kanalining oʻng sohili boʻylab yastanib yotgan paxtazorlar dengizday chayqaladi. Birinchi suvdan keyin qator oralari yumshatilib, chekanka qilinayotgan gʻoʻzalar allaqachon 4-5 tadan koʻsak tugib ulgurgan. Baland oʻsgan qoratollar saf tortgan dalaning top-tozaligi-chi!

-Bu Yarashboy Pirmanovning fermer xoʻjaligiga qarashli yerlar, - deydi  hamrohimiz, "Qangli” OFY posboni Sherzod Toʻrayev. – Rahmatli Madiyor ogʻa Pirmanovning oʻgʻlida. Yerning tabiatini yaxshi biladi. Dehqonchilikda hech xato qilmaydi.

Yarash ogʻa zarur yumush bilan Nukusga ketganligi uchun u kishini uchrata olmadik. Yarash ogʻaning dalalari bilan yeri, suvi tutash Yalgʻashboy ogʻa Yeshmurodov rahbarligidagi "Yalgʻash Yeshmurodov” fermer xoʻjaligiga oʻtdik. Shigʻil koʻsak tugib, baravj rivojlanayotgan  gʻoʻza paykallarini oralab yurib bildikki, Yalgʻashboy ogʻaning dehqonchilikda ilmi chakki emas.

- Yerning yomoni boʻlmaydi, - deydi fermer hosil nishonalarini ohista silarkan. – Vaqtida ishlov berilib, ozigʻi-oʻgʻitini tashlab tursangiz, yer har kuni bir toʻlishadi. Shunchaki nomiga ishlab qoʻysangiz, quruq qolasiz.

Yalgʻashboy ogʻaning fermer xoʻjaligida hech kim shunchaki ishlamaydi. Traktorchilar Akmal Olloniyozov, Allambergan Eshimov, ish yurituvchi Oybek Haydarov va xoʻjalikning 40 nafar ishchisi yil – oʻn ikki oy bir ezgu niyat bilan dalaga chiqishadi: "shu zamin oʻzimizniki, rizq-nasibamiz xazinasi”, - degan tuygʻularga yoʻldosh yashashadi ular.

- Shu qora koʻzlarning halol mehnati bilan fermer boʻlib yuribman-da, - deydi Yalgʻashboy ogʻa Yeshmurodov samimiyat bilan. – Xudoga shukur, 7 gektar maydondagi bugʻdoyimiz yomon boʻlmadi. Davlat shartnomasini oshirib bajardik.

Davlat omboriga 18,4 tonna qirmizi don toʻkkan fermer xoʻjaligi aʼzolarining kayfiyati aʼlo. Ayni kunlarda bor kuch-gʻayratini gʻoʻza parvarishiga safarbar etgan xoʻjalik dehqonlarining 2013-yilgi rejalari yanada yuksak. Yon atrofdagi fermer xoʻjaliklari har yili gektaridan 18-19 tsentnerdan hosil olishayotgan bir paytda "Yalgʻash Yeshmurodov” fermer xoʻjaligida bu koʻrsatkich 22-23 tsentnerni tashkil etadi. Bu yilgi reja esa 82 gektar yerning har gektaridan hosildorlikni kamida 24,5 tsentnerga yetkazish, davlatga 192 tonna yuqori sifatli paxta yetkazib berish. Buning uchun fermerning ham, xoʻjalik dehqonlarning ham imkoniyatlari yetarli. Xoʻjalik ixtiyoridagi VT-150 va ikkita chopiq traktori, bitta "Belorus” rusumli transport traktorlari doim ishga shay. Fermer xoʻjaligi dalalarida esa kutilgandan ham ziyoda hosil nishonalari koʻzni quvontiradi. Yer egasidan roziday har kuni toʻlishib boraveradi, mulkdor esa yeridan koʻngli toʻq, ezgu niyatlar bilan yashayveradi.

 

Mahalla - ijtimoiy himoya markazi

Qangli ovulining "Qumyop” mahallasidagi Dilmurod Oʻtamurodovning oilasiga "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi tomonidan bir bosh qoramol sovgʻa qilindi.Bu xayrli ish yosh oila iqtisodini koʻtarishga yordam beradi.


Qumyoplik tadbirkor

"Qangli” ovuli tuman markazidan olisda joylashganligi bois, aholining kundalik ehtiyoj mollari, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilishlari uchun tuman markaziga yoki Qipchoq dehqon bozori majmuasiga borib-kelishlari anchagina qiyinchilik tugʻdiradi. Yarim kunlik vaqtini yoʻlga sarflab, tomorqasidagi yoki ijara yeridagi anchagina ishini bir chetga yigʻishtirib, oddiygina xarajatni deb yoʻl azobini tortib kelgan odamning ahvoli barchaga ayon.

- Tadbirkorlarimizga rahmat, - deydi "Qangli” OFY tarkibidagi "Qumyop” MFY maslahatchisi Guljamila Sultonova. – Ovuldoshlarimizning ogʻirini yengil, mushkulini oson qilishyapti.

Sababi, mahallada yashovchi yakka tadbirkor Raʼnoxon Jumanova mahalla guzarida oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi kichik doʻkon, doʻkon yonida gazli suv va muzqaymoq sotadigan doʻkoncha tashkil etdi. Endilikda ovul ahli qimmatli vaqtini sarflab, kundalik ehtiyoj mollari uchun tuman markaziga qatnab yurmaydigan boʻlishdi.

- Faqat doʻkondan keladigan daromadga koʻz tikib oʻtirsak, oʻzimizning kun koʻrishimiz amal-taqal boʻlib qolardi, - deydi Raʼno Jumanovaning umr yoʻldoshi Yalgʻash Sheraxov. – 16 sotix tomorqamizdan ham unumli foydalanamiz. Kuzda omborimiz don-dunga toʻlib ketadi. Uch nafar farzandlarimiz, kelinimiz bizga eng yaqin koʻmakchi.

"Ahillik bor joyda baraka boʻladi”, - deydilar. Yalgʻash Sheraxov va Raʼno Jumanovalar oilasidagi ahillik, oʻzaro hurmat va eʼtibor oilaga qut-baraka, fayz olib keldi. Raʼnoxon opaning yelib-yugurishlari, farzandlariga bosh boʻlib Yalgʻash ogʻaning qilgan fidoyi mehnatlari bois, yengil avtomashina sotib olishdi. Oiladagi bu oʻsish qumyopliklar uchun yangi qulayliklar yaratdi. Endilikda "Qum yop” mahallasi aholisi Raʼno Jumanovaning doʻkonidan issiqqina obi non, eng sifatli va toza qandolatchilik mahsulotlarini sotib olish imkoniga ega boʻldilar.

Raʼno Jumanova kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishni, doʻkonni savdo terminali bilan jihozlashni rejalashtirgan.

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026 Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi 19.08.2026 Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi 19.08.2026 Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi 17.08.2026 Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi 17.08.2026