22.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
22.09.2026, 17:39
Jamiyat 👁 3,793

UMRNING OYDIN MANZILLARI

UMRNING OYDIN MANZILLARI

Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat  xodimi, "Barkamol avlod” bolalar markazi direktori, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Xonimjon Rajabova portretiga chizgilar.

Xonimjon Rajabova. Bugun bu ayolni butun Amu eli  yaxshi taniydi. Mangʻit shahridan ikki qadam nari oʻtsangiz, opa bilan tanishligingizni bilgan insonlar darhol: "Opa yaxshi yuribdimi?” deb qoʻyishadi. Tumanning olis qishloqlarida, Respublikamiz tumanlarida, Nukus shahrida amudaryolik bu tinib-tinchimas ayolning nomini ehtirom bilan tilga olguvchilar bisyor.

Xalqimizda yaxshi bir hikmat bor: "boʻladigan bola boshidan maʼlum”, deyishadi. Nazarimda boshlangʻich sinfdaligidayoq ustozlarini hayron qoldirib Abdulla Oripov, Pushkin, Yesenin sheʼrlarini yod aytguvchi, Abdulla Qodiriyning "Oʻtgan kunlar”ini satrma-satr, adashmay soʻzlab berguvchi, Navoiy va Fuzuliydan, Bobur-u Furqatdan baytlar aytib, oʻzi tahsil olgan maktabning "malikasi”ga aylangan Xonimjon Rajabova to umumtaʼlim maktabini tugatgunga qadar oʻz kelajagi uchun mustahkam tamal toshini qoʻyib ulgurgan edi. Hozirgi OʻzMUning jurnalistika fakulteti talabasi boʻlgan kuni Xonimjon Rajabova hayotining eng nurli sahifasi ochilgan boʻlsa, ne ajab!

– Guruhimizda, nazarimda, hamma bilimdon edi, – mamnuniyat va ehtirom bilan eslaydi opaning kursdosh doʻsti, Oʻzbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Haqiqatni aytish kerak, Xonimjon hammamizdan aʼlochi edi. Paxta yigʻim-terimi davrida hasharga chiqardik. Yoʻl tanobini bahr-u baytlar aytish bazmi bilan tortardik. Xonim hammani yutardi. Agar u ilm yoʻlini tanlaganidami, oʻz sohasining eng bilimdoni, olimi boʻlardi. Chunki Xonimning xotirasi juda kuchli edi. Odamlarni orqasidan ergashtira olish, tashkilotchilik qobiliyati qoshida hammamiz tan berardik.

Nazarimda opaning ana shu fazilatlari uni haqiqiy  yurt farzandi, shaxs sifatida shakllantirdi. Uddaburon, qalami oʻtkir  jurnalist, tashkilotchi rahbar, davlat va jamoat arbobi, bulardan ham muhimrogʻi, baxtiyor oila sohibasi, davlatmand ona maqomiga yetkazdi.

1979-yilda Universitetni jurnalist mutaxassisligi boʻyicha tugatib, Amudaryo tumanining ijtimoiy-siyosiy gazetasi – "Amudaryo haqiqati” tahririyatida ilk ish faoliyatini boshlagan Xonimjon Rajabova qisqa fursat ichida nafaqat qalami, fikri oʻtkir jurnalist, balki tashkilotchi xodim sifatida jamoa va el-yurt eʼtiborini qozondi, oddiy muxbirlikdan boʻlim mudiri, masʼul kotib, 1992-yilda esa gazeta muharrirligigacha boʻlgan mashaqqatli, ayni paytda sharafli, sinovlarga toʻla hayot yoʻlini bosib oʻtdi. Ayol sifatida, avvalo ona, rafiqa, yosh oila bekasi boʻlishdek xayrli tashvishlar bilan yashab, "Amudaryo haqiqati” gazetasini bozor munosabatlariga oʻtish jarayoni chigʻiriqlaridan davriyligini saqlagan holda olib oʻta oldi.

Opani hayot juda koʻp sinadi: biri-biridan murgʻak 6 nafar farzandining birini yelkalab, birini yetaklab tahririyatga hammadan oldin ishga kelardi. Bir-birlariga ovunchoq boʻlib tahririyatda, ijodiy jarayonlarga  oshno boʻlib ulgʻaygan farzandlari ogʻushida ijod etdi u!

Men baʼzan kasbga fidoyilik haqida oʻylaganimda, beixtiyor koʻz oldimga opaning ijod damlariga mashgʻul kechgan  umr yoʻllari koʻz oldimda gavdalanadi: mustaqillikning ilk yillarida tuman gazetalari mablagʻ, qogʻoz yetishmovchiligi muammosi tufayli oʻz davriyligini saqlayolmay, oyiga arang 1-marta chop etilib turganida  X.Rajabova muharrirligidagi "Amudaryo haqiqati” gazetasi har haftada 1-2-marta chop etilib, oʻz obunachilariga yetib bordi.

Baland boʻyli, qaddi-qomati kelishgan, koʻplarning eʼtirof etishlaricha, Barchin kelbatli, Toʻmaris siyratli, istarasi issiq opaning rejalari, orzu-intilishlari hech qachon xalqdan, sevimli jamoasidan alohida boʻlgan emas. Faqat tuman gazetasi tahririyati uchun yelib-yugurib qilgan fidoyi xizmatlarining oʻzi bir kitob boʻlgulik.

Mustaqillikning ilk yillarida "Amudaryo haqiqati” gazetasining davriyligini saqlash maqsadida tuman boʻylab "Seni ulugʻlaymiz, mustaqil Oʻzbekiston!” shiori ostida adabiy-musiqiy pullik tadbirning oʻtkazilishi, bu tadbirlarda minglab saxovatpesha, maʼnaviyat fidoyisi boʻlgan insonlarning ishtiroki, hatto qiyin bir sharoitda, 1994-yilda gazetaning 60 yillik yubileyini tantanali tarzda oʻtkazish, shu yili (Alloh rahmat qilsin) Qoraqalpogʻiston Respublikasining oʻsha paytdagi Vazirlar Kengashi raisi Rajabboy Yoʻldashevning begʻaraz yordami, shaxsan opaning tashabbuskorligi tufayli tahririyatning ikki qavatli, zamonaviy binoga koʻchib oʻtishi, nazarimda, opaning katta jasorati edi.

Baʼzan oʻylab qolaman: Barchin momomiz, Toʻmaris momomiz oʻz zamonasiga oid mushkulotlarni hal etish uchun erkaklar bilan bahs boylashib, jang maydonlarida, kuch-qudrat sinovlarida ot surib, qilich oʻynatib jasorat koʻrsatganlar. Bizning Barchin kelbatli, Toʻmaris siyratli opamiz esa maʼnaviyat va maʼrifat dunyosi aro charx urib, maʼnaviyatning keskir qilichi bilan jamiyatimizga yot illatlarga qarshi kurashdi. U sevimli xalqi qalbiga maʼnaviyat nurlarini yoʻgʻirdi, muammolariga yelka tutdi. Ayrim manfaatparast kimsalarga oʻxshab ogʻirning ustida, yengilning ostida turmoqqa intilmadi. Balki oʻt kelsa oʻchirdi, suv kelsa, simirdi, tosh kelsa, kemirdi u! U shu tariqa Amu elining suyukli, zabardast, qalbi qaynoq qiziga aylandi va ana shu xalqqa singidi!

1995-yilning 2-martida matbuotda eʼlon qilingan "Oʻzbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni Xonimjon Rajabova xayotida yangi sahifa ochdi. Ushbu Farmonga muvofiq Toshkent shahri, viloyatlar hokimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda tumanlar hokimlarining oʻrinbosarlari – xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi joriy etildi. Amudaryo tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimiga eng munosib nomzod, soʻzsiz, Xonimjon Rajabova edi. Xotin-qizlar bilan ishlashish, yechimini kutayotgan muammolarni hal etish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning uyushmagan qatlami orasida ishsizlik bilan  bogʻliq muammolar boʻyicha shugʻullanish – opaning har kuni tongdan shomga qadar davom etadigan ish kunlarining mazmun-mohiyatiga, asosiga aylandi.

E-he, qanchalab tunlarni bedor oʻtkazdi u! Qanchalab yoʻl yurdi, goh yayov, goh yoʻlovchi mashinalarda tumanning u cheti bilan bu chekkasiga, xalq orasiga kirib bordi. Uning qadami yetmagan ovul yoki  mahalla, hech boʻlmasa, uning nomi bilan bogʻliq ezgu bir soʻz kirib bormagan xonadon qolmadi hisob. Men uning huzuriga ming bitta qaygʻu zalvoridan mungʻayib kirgan odamlarning quvonch bilan  chiqib ketayotganlariga  koʻp bora guvoh boʻlganman. Turmush chorrahalari aro qadlari bukilib, boshini qay eshikka urarini bilmay, garangsib qolgan insonlarning hayoti izga tushib, keyinchalik opaga tutingan oʻgʻil yoki opa-singilday qadrdon boʻlib ketgan insonlarni bilaman. Birining kamini toʻldirgani, turmushiga roʻshnolik olib kirgani uchun, biriga ona oʻrnida onalik qilib uylantirib qoʻygani uchun, yana birlarining boshlarini silab, seplarini badastir qilib turmushga uzatgani uchun opadan bir umr minnatdor ular. Ular kim? Ularning barchasi opaning jonlariga tutash jigarbandlari kabi aziz xalqi – jonajon Amu eli!

Xonimjon Rajabova hayotida 2007-yil alohida eslashga munosib xotiralar bilan qadrli.

Shu yili Oʻzbekiston Respublikasi xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan millatlararo totuvlik, xotin-qizlar oʻrtasida baynalmilal tarbiya, doʻstlik va tinchlikni keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekiston boʻylab Doʻstlik forumi oʻtkazildi. Mazkur forum ishtirokchilariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi nomidan Amudaryo tumani mezbonlik qildi. Mangʻit shahrining "Vaxum” mavzesidagi  bolalar va oʻsmirlar sport  majmuasida boʻlib oʻtgan Doʻstlik forumi amudaryolik xotin-qizlar  va xalqimiz uchun chinakkam doʻstlik bayramiga aylanib ketdi.

Xalq bu samimiy, bagʻrikeng ayolni oʻz qiziday, opasi yoki singlisiday yaxshi koʻrib qoldi. Opaning begʻaraz xizmatlari qoshida chin dildan taʼzim qilib, dil soʻzlari bitilgan yuzlab maktublar qatida nafaqat el-yurt roziligi, balki oʻz fidoyi farzandiga nisbatan cheksiz mehr-muhabbat ila bogʻlangan uzilmas rishtalar bor.

Hamisha xalqqa intilib, oʻz ona eliga singib ketgan opa bugun umrining eng charogʻon, farahli manziliga yetdilar. Umr yoʻldoshi – uzoq yillar Amudaryo tuman melioratsiya va suv xoʻjaligi sohasining rivojiga  katta hissa qoʻshgan muhandis-meliorator Safarboy ogʻa Oʻrozaliyev bilan 6 nafar farzandini oliy maʼlumotli mutaxassislar qilib elga qoʻshdi. Biri-biridan odob-ikromli kelinlari, 11 nafar nevaralari, jondan aziz farzandlari davrasida ochilib-sochilib oʻtirgan opani koʻrsangiz, dilingizda havas uygʻonadi.

Umrining 17-yilini matbuot sohasiga, salkam 18-yilini Amudaryo tuman xotin-qizlar qoʻmitasiga rahbarlik qilishdek masʼuliyatli vazifani ado etishga bagʻishlagan Xonimjon Rajabovaning fidoyi xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U 1994-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi yuksak unvoni bilan taqdirlandi. Mustaqillikning 15 yilligi koʻkrak nishoni, qator Vazirliklarning Faxriy yorliqlari opaning oila albomini bezab turibdi.

– Men oʻzim yaxshi koʻrgan xalqdan ayro yashashni tasavvur ham qilolmayman, – deydi opa samimiyat bilan. – Ayniqsa, mehnat onlari kuchimga-kuch qoʻshadi. Mehnat qilmaslik – dahshat. Ana shundan asrasin...

Opaning suhbatlari, soʻzlari shirin, hikmatlarga boy. Ayni paytda "Barkamol avlod”  bolalar markazi direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan opani xar gal tigʻiz ish jarayonida uchrataman. Tinib-tinchimas, fidoyi, mehnat bagʻrida oʻzini hamisha erkin va baxtiyor his qilguvchi qahramonimiz – Xonimjon Rajabovaning saʼy-harakatlari bilan tuman XTMFMTTE boʻlimi tasarrufidagi "Barkamol avlod” bolalar markazi bugungi kunda nafaqat Qoraqalpogʻistonda, balki Oʻzbekiston miqyosida namunali bolalar markaziga aylangan. Har bir ishda qatʼiy tartib va intizomni yaxshi koʻradigan va bunga hamisha amal qilishga odatlangan, oʻziga hamda atrofidagilarga nisbatan talabchan opaning yuksak didi, mahorati markaz ofisi, hovli-yu gulzoridagi koʻrkamlik, orastalikda aks etib turganday. Markaz hovlisiga kirishingiz bilan sizni afsonaviy ertak qahramonlari kutib olishadi. Bola ochishga shaylangan oppoq laylaklar, yalpiz terishga chiqqan "Zumrad va Qimmat” ertagidagi Zumrad, dalasiga oshiqayotgan Dehqon bobo...

Opa bolalar bilan suhbatlashishdan, ularning orzulari dunyosida yashashdan zavq oladi. Ana shu bolalik dunyosiga xos zavq uni har tong mehnat bagʻriga chorlayveradi. Bu – opa umrining eng nurafshon va shoyon manzili. Bu manzil bugun opaning el-yurtiga, xalqiga qilgan jamiki ezgu, xayrli ishlarining hayotiga fayz olib kirgan lahzalari boʻlsa, ne ajab!

Opa ayni damda muborak 60 yoshga toʻldilar. Umrining bu nurafshon, oq, oydin manziliga u yorugʻ yuz bilan, oʻtgan umr yoʻllaridan koʻngli toʻq qadam qoʻydi. Zero,

Kim uni Barchin deb havaslar qildi,

"Toʻmaris siyratli Xonim”, – dedilar.

Ezgu amallarin el-u xalq bildi,

Xalq unga, u esa xalqqa singdilar.

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026