21.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
21.09.2026, 16:58
👁 6,347

ORZULAR GUL OChGAN OBOD MAKONLAR

ORZULAR GUL OChGAN OBOD MAKONLAR

Xonadonlari shinam va obod mahalla

Jamiyatimizning har bir faol aʼzosining hayoti, turmush tarzi, orzu-umidlari bevosita mahalla bilan chambarchas bogʻliq. Chunki inson mahallada tugʻilib, voyaga yetadi. Shu makonda yashab, bir daraxtday ildiz otadi. Oʻz xonadoni, oilasi, mahallasi obodligi uchun mehnat qiladi.

Mangʻit shahrining serfayz, eng obod goʻshalaridan biri – Oybek nomli mahallada boʻlganimizda bu yerda istiqomat qiluvchi har bir kishi el-yurt farovonligi, obodligi yoʻlida fidoyi, biri-biridan mehnatkash, tadbirkor ekanliklarini koʻrib, bildik. Taʼbir joiz boʻlsa, bir ota-onaning farzandlariday ahil-inoq, bir-birlarini qadrlab yashayotganlaridan quvondik.

Mustaqillikning ilk yillarida, 1994-yilda tashkil topgan Oybek nomli mahalla bugungi kunda oʻz sanoat ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkor-u ishbilarmonlari tomonidan bunyod etilgan shinam toʻyxona, xususiy doʻkonlari, fidoyi va mehnatkash, ahil aholisi bilan obod makonga aylangan. Umumiy yer maydoni 156 gektarni tashkil etgan ushbu mahallada 18 ta koʻchalar mavjud. 579 ta xonadon tarkibidagi 842 ta oilada 3540 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shunisi eʼtiborga molikki, 3151 nafar oʻzbek, 140 nafar qozoq, 194 nafar qoraqalpoq, 5 nafar turkman va 10 nafardan ziyod boshqa millat vakillari bir oila aʼzolaridek ahil-inoq yashab, yurtimizning obodligi va farovonligi yoʻlida mehnat qiladilar.

Mahalla ahlining turmush farovonligi yildan-yilga yuksalib bormoqda. Umumiy savdo maydoni 120 kvadrat metrga teng bitta "Amudaryo tutinuv” AJga qarashli va 5 ta xususiy doʻkon, bitta xususiy oshxona, 12 ta maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, yaʼni 2 ta hammom, 6 ta tikuvchilik, bitta sartaroshlik hamda 2 ta avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish ustaxonalari va bitta un xorazi aholi xizmatida.

Aholining ish bilan bandligini taʼminlashga alohida ahamiyat berilganligi bois, mehnatga layoqatli 1873 nafar kishining asosiy qismi iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, fermer va dehqon xoʻjaliklarida, taʼlim va madaniyat muassasalari, sanoat, qurilish hamda sogʻlikni saqlash tizimida mehnat qilishadi. 19 nafar kishi esa tadbirkorlar tomonidan yaratilgan yangi ish oʻrinlarida faoliyat olib borishadi. 35 nafar kishi uy mehnati va kasanachilik faoliyati bilan shugʻullanadilar. Har jihatdan sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashga alohida eʼtibor bilan qaraladi. Hududdagi 55-sonli umumtaʼlim maktabi, bolalar bogʻchasi, barcha qulayliklarga ega 2 ta stadion, 1 ta sport maydonchasi, 6 ta sport toʻgaraklari mahalla yoshlarining va jajji bolajonlarning chiniqish maktabiga aylangan.

Yakka tadbirkorlik va oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchilar safi yil sayin oshib borayotganligi aholining toʻkin-sochin, farovon hayot kechirishida muhim omil boʻlayotir. Bugungi kunda 211 nafar kishi oʻz shaxsiy avtomobillariga ega. Shaxsiy avtomobil va traktorlari boʻlgan xonadonlar ahlining hayotida iqtisodiy muammoning oʻzi yoʻq. Kaftdekkina tomorqa yeridan moʻl-koʻl ziroat olib, oilalari iqtisodini barqarorlashtirib, turmushini obod qilib yashayotgan oilalar ostonasidan qadam qoʻysangiz, qalbingizda havas uygʻonadi: shaharda yashab turib oʻz chorvasi, parrandasi, tomorqasi barakasidan hayoti fayzga toʻla oybekliklarning oʻzaro ahil, hamjihatlikda kechayotgan har bir kuni mazmunli. Vaholanki, hayotida mazmun boʻlgan insonlargina baxtiyordirlar. Tonglari osuda, tinch va farovon, xonadonlari shinam va obod mahallaning har bitta oilasida ana shunday sermazmun hayot hokimligini koʻrdik biz.

"Bozor – elning manglayi”

Ulugʻ sohibqiron bobomiz, buyuk sarkarda Amir Temur hazratlari qaysi shahar yoki viloyatga borsalar, eng avvalo bozorini borib koʻrarkanlar va shunday der ekanlar:

- Bozor – elning manglayi. Elning ahvoli, suvrati va siyrati ana shu bozorda aks etadi!

Naqadar donishmandlik bu! Axir elning iqtisodi yuksak boʻlgandagina bozorlari rivoj topadi, obod boʻlib boradi. "Bozori obodning eli obod”, degan hikmatning xalqimiz hayotiga, ong-shuuriga singib ketganligining maʼnosi ham shunda.

- Prezidentimiz I.A.Karimovning 2010-yil 26-apreldagi "Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bozorlarimiz va savdo komplekslarimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirib yubordi, - deydi Mangʻit savdo kompleksi MChJ direktori Baxtiyor Madrahimov. – Prezident qarori va unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda tuman hokimining bu boradagi maxsus qarorlari asosida Mangʻit shahrining Beruniy mahallasi hududidan 1,8 gektar yer maydoni ajratilib, yangi Mangʻit savdo kompleksi bunyod etildi.

Darhaqiqat, shahrimizga koʻrk bagʻishlab turgan savdo kompleksining asosini tashkil etuvchi 184 ta turgʻun savdo shoxobchasining 52 tasi qisqa fursatda ishga tushirilgani tumanimiz ahlining erkin savdo-xarid qilishlari uchun qulaylik yaratdi. Avvallari tadbirkorlar oʻz buyum-mahsulotlarini qoʻlbola peshtaxtalar ustiga yoyib savdo qilishgan boʻlsalar, endilikda zamonaviy meʼmoriy yechimga ega doʻkonlarda tadbirkor uchun ham, xaridorlar uchun ham qulay shart-sharoitlar muhayyo. Tuman hokimligining moddiy va amaliy yordami tufayli savdo kompleksini yanada rivojlantirish, rekonstruktsiya qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sanitariya holati va savdo xizmati koʻrsatish sifatini yaxshilashga alohida ahamiyat berilmoqda. 50 million soʻmlik bank krediti asosida savdo kompleksining ichki qismidagi 2000 kvadrat metrli yoʻlaklarga bezakli bruschatkalar yotqizilib, kanalizatsiya tarmoqlari oʻtkazilgani savdo kompleksining chiroyini ochib yubordi. Bozorning kirish va chiqish qismlariga serhasham darvozalar oʻrnatilib, sahnlar asfaltlandi, savdo kompleksini elektr energiyasi bilan taʼminlash yaxshilandi. 20 million soʻmlik bank krediti evaziga maishiy obʼektlar qurildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, juda qisqa fursat ichida, bundan bir necha yil avval turli chiqindilar maydoniga aylangan koʻrimsiz hudud bugungi kunda tumanimiz aholisi va mehmonlarining sevimli savdo maskaniga aylandi. Endilikda Mangʻit savdo kompleksida oʻz mijozlarining doʻkonlardan xohlagan buyumlarini tanlab, xarid qilishlari, hatto respublikamizning turli shaharlariga joʻnab ketishlari uchun namunali transport xizmatlari koʻrsatish imkoniyatlari mavjud. Chunki tuman hokimining 2012-yil 15-iyuldagi 393-sonli qaroriga muvofiq "Goʻzaloy-Mahmud qizi” MChJga qarashli shaharlararo avtoshohbekat "Mangʻit savdo kompleksi” MChJ tasarrufiga oʻtkazildi. Savdokompleksining shundoqqina yonida joylashgan avtoshohbekatda nazorat kassa mashinasi va toʻlov terminalining mavjudligi mijozlar uchun eng katta qulayliklardan biri boʻldi.

Avvallari xonadonlarida toʻy boshlab qoʻygan hamyurtlarimiz zarur buyumlarni izlab boshqa shaharlarga qatnab, sarson boʻlib yurishsalar, endilikda shu yerdan, tumanimiz markazidagi buyum bozoridan eng sifatli kiyim-kechak, gilam-poyandozlar, maishiy texnika anjomlari, mebellar, kulolchilik va eng sifatli chinni buyumlarini kelishilgan narxlarda mamnuniyat bilan xarid qiladilar, hatto buyurtmalar beradilar. Mustaqillikdan avval Mangʻit shahrimiz haqida umuman tasavvurga ega boʻlmagan toshkentlik, vodiylik, Samarqand-u Buxoro, hatto Qashqadaryo va surxondaryolik yurtdoshlarimiz:

- Mangʻit bozorlarimi, oʻ-oʻ, ajoyib!, - deya havaslanishlarida ham jon bor.

Buyuklik mezonlari

"Olmazor” mahallasida qad rostlagan, bugungi kunda ilmga chanqoq tumanimiz yoshlarining sevimli maskaniga aylangan Mangʻit iqtisodiyot kasb-hunar kollejida 8 ta yoʻnalish boʻyicha 891 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Oʻz sohasining bilimdonlari boʻlgan 62 nafar oliy maʼlumotli mutaxassis oʻqituvchilar talabalarning fan asoslarini mukammal egallab, kasb-hunarli boʻlib yetishishlari uchun fidoyilik bilan mehnat qilishadi. Kollejda oʻquvchilarning nazariy va amaliy mashgʻulotlarni mukammal oʻzlashtirishlari uchun yaratilgan sharoitlar yetarli. Barcha qulayliklarga ega kutubxona, nazariy-amaliy mashgʻulotlar oʻtish uchun moʻljallangan zamonaviy laboratoriya va maxsus fan xonalari, kompyuter va lingafon xonalarida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan mavzularda mashgʻulotlarda ishtirok etish imkoniga ega. Fan toʻgaraklarining muntazam ravishda qiziquvchan yoshlar bilan gavjumligi oʻz samarasini bermoqda. Chunonchi, "Eng yosh isteʼmolchi-2009” koʻrik-tanlovida kollej talabalari tumanda birinchi, Respublikada faxrli 3-oʻrinni egallagan boʻlsalar, tuman miqyosida oʻtkazilgan "Siz qonunni bilasizmi?” koʻrik-tanlovida 2-oʻrinni, 2011-yilda esa faxriy 1-oʻrinni egallashdi. Fan toʻgaraklarining eng faol aʼzolari fanlar olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishayotgani yanada quvonarli. Faqat 2012-2013 oʻquv yilida 14 anfar kollej talabasi fan olimpiadalarining respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egalladilar.

Xalqimizda ajoyib bir hikmat bor:

- Sen bolangni maqtama, uning qaddu kamolini koʻrib, oʻzim aytaman, - deydilar.

Biz ham, toʻgʻrisi, oʻz oʻquvchisini maqtashni xush koʻradigan ustozni tinglashdan koʻra kollej oʻquvchilarining qaddu kamolini koʻrib, havaslandik. Sababi, 18 ta turli xil yoʻnalishlardagi toʻgaraklarning ishtirokchilari boʻlgan talaba-yoshlar erishayotgan yutuqlar bir dunyo, orzular chegarasiz! "Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalarining, "Ziyo” intellektual oʻyinlarining "Barkamol avlod”, "Umid nihollari” sport musobaqalari hamda sportning futbol, boks, yengil atletika, dzyudo kurashi turlari boʻyicha tuman va Qoraqalpogʻiston miqyosidagi nufuzli musobaqalarning doimiy ishtirokchilari va gʻoliblariga aylangan kollej talabalari hamda bitiruvchilari hayotda ham ilgʻor – oʻz oʻrinlarini topgan, epchil, tadbirkor va ishbilarmon. Birgina 2012-2013 oʻquv yilida kollejni 8 ta yoʻnalish boʻyicha muvaffaqiyatli tugatgan 334 nafar oʻz mutaxassisligiga ega boʻlgan yoshlardan 25 nafari imtiyozli bank kreditlari asosida oʻz tadbirkorlik faoliyatlarini boshlash uchun davlat roʻyxatidan oʻtdilar. Ulardan 14 nafari ayni kunda bank krediti asosida oʻz faoliyatlarini boshlab yuborishdi,11 nafar bitiruvchi tez kunlarda tadbirkorlikka qoʻl uradilar. 220 nafar kollej bitiruvchilari oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashgan boʻlsa, 8 nafar bitiruvchi oliy oʻquv yurtlari talabalari boʻlishdi.

Agar koʻngilda hayotga ishtiyoq boʻlsa, oʻqishga, ishlashga imkon tugʻiladi. Imkon eshiklari ochilgan joyda orzular gullaydi. Orzular gulzoridan har dilga goʻzallik kirib keladi. Ana shu goʻzallik har dilning oʻziniki, oʻz mulki. Bu shunday mulkki, uning mezonlari buyuk – Vatan obodligi, elu yurt farovonligiga jonfido tuygʻularga hamohang bu mezonlar. Biz koʻrdik, tan berdik – Mangʻit iqtisodiyot kasb-hunar kollejining har bir oʻquvchisi koʻnglida ana shunday ishtiyoq bor. Shu boiskim, ular uchun jamiki ezgu imkon eshiklari lang ochiq, dillarida goʻzal tuygʻularga hamohang kelajagi buyuk Vatan sevgisi hokim. Bu tuygʻularning mezonlari buyuk. Ana shu buyuklikka munosib yoshlar tahsil olmoqda bu ilm maskanida.

Hech kimdan kam boʻlmagan yoshlar

Yurtboshimiz tez-tez takrorlaydigan bir ibora bor:

- Mamlakatning kelajagini taʼminlovchi kuch – sogʻlom va barkamol avlod!

Shu boisdan ham mamlakatimizda Prezident I.A.Karimov boshchiligida barkamol avlod taʼlimi va tarbiyasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi qilib belgilandi. Jismonan yetuk, maʼnan barkamol avlodni kamol toptirish maqsadida mamlakatimizning eng chekka qishloqlarida ham muhtasham sport inshootlari, namunali ilm maskanlari qad rostladi.

Tumanimizdagi 1-sonli BOʻSM binosi ham Mustaqillik davri koshonalaridan sanaladi. Mangʻit shahrining "Chordara” mahallasi yoshlarining jismoniy chiniqish maskaniga aylangan mazkur sport maktabida bugungi kunda sportning bir necha turlari boʻyicha malakali trenerlar mashgʻulot olib borishadi.

- Mahallamiz yoshlari kuchli, jasur boʻlib oʻsishmoqda, biz hech kimdan kam emasmiz, - deydi sportning boks turi boʻyicha sport ustaligiga nomzod, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Umid Oʻrozboyev.

- Umidbek yaqinda boks boʻyicha Oʻzbekiston kubogi musobaqalarida kumush medal sohibi boʻldi, - deydi oʻz shogirdidan faxrlanib J.Nurumbetov.

Sport maktabining boks sektsiyasi aʼzolari orasida nafaqat tumanda, Respublikamiz va mamlakatimiz miqyosida quvonarli yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan sportchilar talaygina. Bir necha xalqaro turnirlar gʻolibi, boks boʻyicha Oʻzbekiston birinchiligi sovrindori, sport ustaligiga nomzod Bobur Ismoilov, Oʻzbekiston Respublikasi turniri gʻolibi, sport ustaligiga nomzod Shohruh Rahimov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi chempioni, sport ustaligiga nomzod Jasur Poʻlatov, xalqaro turnirlar gʻolibi, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Oʻzbekiston chempioni Obidjon Usmonovlarning nomi bugungi kunda boks sporti muxlislariga yaxshi tanish.

- "Biz hech kimdan kam emasmiz!” – deganlarida muhtaram Prezidentimiz biz yoshlarga ishonganlarini yaxshi bilamiz,- deydi boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Obidjon Usmonov. – Haqiqatan ham, hech kimdan kam boʻlmaslikka intilib yashash, bunga erishish – bizning ezgu shiorimiz.

Buning uchun butun mamlakatimizda, shu jumladan tumanimizda ham yoshlarimizning ham maʼnan, ham jismonan chiniqishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, birgina 1-sonli BOʻSMning boks sektsiyasi oʻquvchilari uchun yaqinda yangidan 18 million soʻmlik boks ringi keltirilib, yosh sportchilar ixtiyoriga berildi. Tuman hokimi R.Yoʻldoshevning qoʻllab-quvvatlashlari natijasida "Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi” tomonidan yetkazib berilgan sport anjomlari orasida 1,5 million soʻmlik boks qoplari, 1 million soʻmlik charm qoʻlqoplar va boshqa zarur boks anjomlari sportchilar uchun Mustaqillik bayramiga katta sovgʻa boʻldi.

Bu - mamlakatimizning kelajagi boʻlgan yoshlarning barkamolligi, toʻkis va farovon, sogʻlom hayoti uchun beqiyos gʻamxoʻrlikning amaliy ifodasidir. Zero, bugungi yosh avlod uchun gʻamxoʻrlik – millat va mamlakat kelajagi uchun gʻamxoʻrlikdir.

Robiya YOʻLDOShEVA.


🎬 Videogalereya Barchasi →
Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026 Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi 19.08.2026 Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi 19.08.2026 Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi 17.08.2026 Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi 17.08.2026