24.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
24.09.2026, 20:33
Jamiyat 👁 1,258

MILLATLAR KOʻNGLIDAN TARALGAN QOʻShIQLAR

MILLATLAR KOʻNGLIDAN TARALGAN QOʻShIQLAR

Qoraqalpoq diyori oʻzining goʻzal va betakror tabiati, el-yurtiga fidoyi insonlari, bilimdon va intellektual salohiyatli yoshlari, oʻziga xos sanoati va ishlab chiqarish imkoniyatlarining kengligi bilan mamlakatimiz xaritasida munosib oʻrin egallagan. Bu zaminning suvini ichgan, jazirama choʻl-u dashtlarida toblangan farzandlari amalga oshirayotgan ezgu ishlarning hisobiga yetish qiyin. Biron bir sohani alohida ajratib: “mana bular juda zoʻr!” – deya taʼrif bermoq mushkul. Sababi, bu zamin farzandlarining barchasi oʻz sohalarining “mamanlari” (zoʻrlari)dir. Ayniqsa, ijodda!

Qoraqalpoq adabiyotining dargʻalari boʻlgan Kunxoʻja, Ajiniyoz, Berdaq, ularning izdoshlari, XX asr qoraqalpoq adabiyoti, ayniqsa sheʼriyatini yuksak pogʻonaga olib chiqqan Ibroyim Yusupov, ajoyib romanlari bilan qardosh xalqlar kitob javonlarini ham boyitgan Toʻlepbergen Qaipbergenov, Joʻlmirza Oymirzayev, Xoʻjaboy Seyitov, Boyniyoz shoir, Tojiddin Seyitjonov, XX asrning ikkinchi yarmida qoraqalpoq adabiyotiga dadil kirib kelib, oʻz asarlari bilan ming-minglab muxlislari eʼtiborini qozongan Toʻliboy Qobulov, Kengesboy Rahmonov, Tengelboy Sarsenboyev, Ulmambet Xoʻjanazarovlarning nomliri necha-necha sarhadlardan oshib oʻtib, adabiyot ixlosmandlarining qalblarini zabt etganlari haqiqat!

Bugungi qoraqalpoq sheʼriyatining betakror ohanglari yanada jarang sochishida Jiyanboy Izbosqanov, Hikmatulla Ayimbetov, Kengesboy Karimov, Xalilla Davlatnazarov, Abulqosim Oʻtepbergenov (bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin) va nihoyat Baxtiyor Genjemuratovlarning xizmatlari beqiyosdir. Ular orasida shoir va yetuk publitsist hamda mahoratli tarjimon Yangiboy Qoʻchqorovning oʻziga xos oʻrni bor.

Oʻzining koʻngillarni tebratuvchi goʻzal tashbehlarga boy nazmiy asarlari, oʻqigan kishini chuqur oʻyga toldirib, qalblarda ezgu tuygʻular uygʻotuvchi ocherklari, esse va badialari bilan qoraqalpoq, oʻzbek xalqlari adabiyotsevarlarining hurmatini qozongan Yangiboy Qoʻchqorov fikri teran, zukko tarjimon hamdir. Uning sheʼrlar, dostonlar, ocherk va esselardan iborat 30 ga yaqin kitoblari chop etilgan. Ayniqsa, shoirning tarixiy “Qoʻngʻirotnoma” hamda “Oʻn toʻqqizinchi dovon” dostonlari mustaqillik yillarida tarixiy mavzuda yaratilgan yuksak saviyali badiiy asarlar sirasiga kiradi.

Yangiboy Qoʻchqorovning esselar yozish borasida qalami ancha charxlangan. Uning “Oy tegrasida yulduzlar” deb nomlangan Zulfiyaxonim va toʻqqiz millat shoiralari ijodi, adabiy doʻstligi haqidagi, Ollombergan Xudoyberganovning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan “Sohildagi bir kitob”, xorazmlik bolalar shoiri Ollambergan Poʻlat ijodiy faoliyatidan hikoya qiluvchi “Donish shoir dunyosi”, andijonlik shoir Farid Usmon haqidagi “Muattar mehr” esselari, avvalo, badiiy jihatdan mukammalligi, tilining ravonligi, syujetlarining dolzarbligi bilan katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, Yangiboy Qoʻchqorov nafaqat shoir va yetuk publitsist, balki hozirgi zamon oʻzbek tarjima adabiyotining ham fidoyilaridan. Rus, qozoq, qoraqalpoq, turkman kabi qardosh xalqlar tillarini mukammal biladigan Yangiboy Qoʻchqorov oʻzbek kitobxonlari uchun xalqlar doʻstligining ramziy koʻprigi – tarjimonlik borasida oʻz ijod maktabini yaratayotir, desak hech mubolagʻa boʻlmaydi. U 10 ga yaqin yirik tarjima asarlar muallifi. Xususan, Nobel mukofoti sohibasi Svetlana Alekseyevichning “Urushning ayolga yot qiyofasi” romanini mahorat bilan oʻzbek tiliga oʻgirdi. Shuningdek, rus yozuvchisi Viktor Sulinning (“Den posledniy i perviy”) “Soʻnggi va birinchi subhidam” asari Yangiboy Qoʻchqorov tarjimasida 5000 nusxada chop etildi.

Xalqlar doʻstligining beqiyos qudratini oʻzida mujassam etgan tarjima asarlari sirasiga kiruvchi “Navoiydan savod ochdim” kitobi esa Yangiboy Qoʻchqorovning buyuk hazrat Navoiy bobomizning 575 yilligiga munosib tuhfasi boʻldi. “Ulugʻ”, “Buyuk” rutbalari bilan 577-yildan beri oʻzidan keyingi avlodlarga ijod borasida ilohiy quvvat baxsh etib kelayotgan ulugʻ bobokalonimiz Alisher Navoiydan “savod ochib”, qoraqalpoq mumtoz adabiyotining tamal toshini qoʻygan Kunxoʻja, Ajiniyoz, Berdaqdan tortib to hozirgi davr qoraqalpoq adabiyotining beshigini tebratib kelayotgan shoirlar uchun ham, albatta, Navoiy ijodi benazir ilhom va ibrat maktabidir. “Oʻzbekiston” nashriyotida, 2016-yilda nashr etilgan Yangiboy Qoʻchqorovning “Navoiydan savod ochdim” tarjimalar toʻplamiga qoraqalpoq mumtoz va hozirgi zamon adabiyotining zabardast namoyondalarining ijodlaridan namunalar kiritilgan. Tarjimonning mahorati shundaki, har bir asar, hatto har bitta satr mazmunan asliyatdan farq qilmaydigan darajada oʻzbek tiliga oʻgirilgan.

Mutarjimning ikkinchi tarjima asari “Qozoqning qirq oqinidan qirq oʻlan” deb nomlanadi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyotida chop etilgan ushbu kitob, avvalo, oʻzining yuksak poligrafik ijrosi, bundan ham muhimi, qozoq va oʻzbek xalqlari adabiy va abadiy doʻstliginining timsoli ekanligi bilan ahamiyatlidir.

“... Qadim-qadimdan bu ikki xalq yonma-yon yashab, bir daryodan suv ichib, bir yaylovda chorvachilik qilganlar. Bir soʻz bilan aytganda, tutash taqdirli xalq”, - deb yozadi kitobga soʻzboshi taqdim etgan filologiya fanlari nomzodi, dotsent, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro adabiy aloqalar va badiiy tarjima kengashi masʼul kotibi Adhambek Alimbekov va oʻz fikrining isboti sifatida akadmik shoir Gʻafur Gʻulomning “Ikki boshga bir manglayday yarqiroq taqdirimiz” degan qozoq va oʻzbek adabiyoti adabiy doʻstligining tashrif qogʻoziga aylangan mashhur satrlarini iqtibos sifatida keltiradi.

Haqiqatdan ham ikki xalqning taqdirlari abadiy tutash, ildizlari teran. Buni nafaqat adabiyotlarimiz doʻstligida, balki ikki davlat rahbarlarining siyosiy tutumlarida ham koʻrish mumkin. Agar taʼbir joiz boʻlsa, Yangiboy Qoʻchqorovning “Qozoqning qirq oqinidan qirq oʻlan” tarjima kitobi ham adabiy tarjima jarayonida, ham ikki xalqning siyosiy-ijtimoiy va adabiy hayotida muhim voqealardan biri boʻldi, deyishga haqlimiz. 2018-yilga Qozogʻiston Respublikasida “Oʻzbekiston yili” deb nom berilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilinishi munosabati bilan va Qozogʻistonda oʻzbek va qozoq ijodkorlari hamkorligida mushoiralar, adabiy anjumanlar oʻtkazilayotgan, oʻzbek va qozoq adabiy-madaniy hamkorligi aloqalari yanada rivojlanish pallasiga kirgan bir paytda Yangiboy Qoʻchqorov oʻzbek adabiyoti xazinasini “Qozoqning qirq oqinidan qirq oʻlan” tarjima asari bilan boyitdi va ikki xalq adabiyotlari doʻstligiga munosib hissa qoʻshdi. Kitob oʻsha hayajonli kunlarda Ostona shahrida boʻlib oʻtgan “Yevroosiyo kitobi” xalqaro kitob yaramarkasida maxsus Diplom bilan taqdirlandi.

Kitobni varaqlar ekansiz, uning har bir sahifasidan ajib hikmatlar topasiz. Bu hikmatlarda orzu-umidlari, urf-odat va anʼanalari bir-birining hayotiga ziynat baxsh etib turgan oʻzbek va qozoq xalqlarining koʻngillari aks etib turganday. Bu koʻngillar biri-biriga tutash. Bu koʻngillar misoli biri ikkinchisi uchun chashmai-ob. Ana shu chashmai-ob sabab bu koʻngillar toʻq. Biri-birini suyab, biri-biriga suyanib, qozoq “bovurim!”, desa, oʻzbek: “aylanay, jonim!” deb evirilib turadi. Yangiboy Qoʻchqorov oʻz kitobi bilan ana shu umrboqiy qadriyat – oqibat va mehr-muhabbat qadrini yanada yuksaltirdi.

Ajab! 30 ga yaqin kitob muallifi, 10 tacha tarjima asarlari chop etilgan, oʻz asarlari bilan 20 ta jamoa toʻplamlariga zeb bergan Yangiboy ogʻa Qoʻchqorovga koʻpchilik jahongashta, deya taʼrif beradilar. Boʻlsa, bordir, zahmatkash adib, el-yurtga fidoyi shoir, qalami oʻtkir publitsist, mohir tarjimon, dilkash suhbatdosh Yangiboy ogʻa ayni paytda 60 yoshning ostonasidalar. Keksalikni tan olmay, yigitlikning tulporidan tushmay, hamon yayov yurt kezib yuribdilar. Va hamon ijod maydonida ilgʻor. Men bir muxlis, qolaversa, Yangiboy ogʻa bilan hamkasb sifatida bu fidoyi insonga yanada joʻshqin, sermahsul ijod, mustahkam sogʻlik tilayman.

Ijod boʻstoni aro qadamlaringiz hamisha zalvorli, umringiz ziyoda boʻlsin, Yangiboy ogʻa!

Robiya YOʻLDOShEVA, Qoraqalpogʻiston Respublikasida

xizmat koʻrsatgan jurnalist.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026