ÇORDARA MAHALLASI ONAXONLARI SUMALAK SAYLIDA JAM BÖLDILAR
Bahor. Bu faslni qiş böyi orziqib kutamiz. Oilaviy hayotimizga oid ezgu işlarni aynan şu fasl bilan boğlagimiz keladi. Yaqinlarimizga bildiradigan samimiy tilaklarimizning ham mazmun-mohiyatiga bahoriy istaklar singdiriladi. Boisi bu faslning inson yuragiga orzu, quvvat, umid bağişlovçi qudrati bor. Bu – uning yaşilligida, unib-ösişida namoyon! Hali ariqlarda suvlar jildiramay, yerga oftobning tafti tuşmay turib, bahorga intiq köngillar biri-biriga talpinadi, dillar yaxşilik yöliga çoğlanadi. Martning izğirin şamollarini mensimagan köngillar jamlaşadi. Axir yerdan namxuş hid taralayotir, quyoş bilan ona zamin oraliğida ajib hovur kötarilayotir. Sumalak payti keldi!
Amuning donişmand momolari ana şunday paytda bahorning ilk taomi – Sumalak sayliga taraddudni boşlaydilar. Sumalakka intiq köngillar dahsar qozonlar boşida jam bölib, azaliy qadriyatlar oğuşida yaşnab-yaşarib ketgan kelinpoşşalar esa işga şaylanadilar. Mart oyining ilk kunlaridanoq Manğit şahrining Döstlik mahallasida boşlangan sumalak sayli mahalladan-mahallaga ötib, naq 10 kun davom etdi.
13-mart kuni Çordaralik onaxonlar ham jam bölişib, dahsar qozonlarga olov qalaşdi. Şu kuni katta umid, ezgu niyatlar bilan buğdoy undirgan onaxon Gulandom ena Yangiboyeva va onaxonning umr yöldoşi Rahmatulla oğalar mahallaning çaqqon, saranjom-sarişta kelinlarini sumalak sayliga çorlaşdi. Mahallaning pir-u badavlat onaxoni, 80 yoşli Momojon enaning fotihasi bilan jamul-jamlikda bu taomning tadorigi boşlab yuborildi.
Fotihadan söng, qozon tagiga olov qalandi. Biri-biridan çaqqon va orasta kelinlar Rohatoy, Gulçehraxon, Dilnozaxon, Feruzaxon va Sayyoraxonlar Jumagul momo boşçiligida buğdoy maysalarini kelida tuydilar. Dilşodaxon, Zulfiyaxon va Manzuraxonlar yançilgan buğdoy maysalarining sutini siqib olib, dokadan ötkazdilar. Buğdoy sutiga buğdoy uni çayildi. Rahmatulla oğa boşçiligidagi yigitlar Bahodirjon, Muzaffar, Şavkat va Azimjonlar peşma-peş ötin yorib, kelinpoşşalarga kömakdoş böldilar. Gurillab yonayotgan olov taftida qaynagan qozon yuzasi avval oppoq köpiklandi, söng tiniqlaşdi. Qaynagan sari yuzi oçilişib borayotgan sumalak töla qozonni kovlayotgan kelin-u qizlarning quvonçi yanada ortdi.
Sumalak sayli bahona, çordaralik onaxonlar, kelin-u qizaloqlar, jajji bolajonlar rosa yayradilar. Çillak, qoçarmon, çakma-çak kabi xalq öyinlari qizigandan-qizidi. Köngillarni östirgan laparlar, ölanlar, sumalak taomi bilan boğliq rivoyat-u afsonalar yana xotiralarda böy tikladi.
Sumalak saylining gaşti ham şunda. Biri ölan aytgan, biri lapar kuylab, yoş-yalanglarni öyinga çorlagan lahzalar bahorning öziga xos jilvalariga, sumalakning xuşböyi va kurtak yozayotgan dov-daraxtlarning, maysalarning ajib iforiga qorişib ketadi.
Çordaralik onaxonlar boş bölgan sumalak sayli ana şunday totli lahzalarga boy böldi. Çor-tarafga xuşböy taratib pişgan sumalak dasturxonlarga tortilmasdan avval mahallaning eng keksa onaxoni Momojon enaga, qöni-qöşnilarga tortiq qilindi. Sumalak barçaga yetdi, şirin taʼmi bolajonlarga quvonç bağişladi.
Köngillarni birlaştirgan sumalak sayli çordaraliklar qalbida bobomeros urf-odat va anʼanalarga nisbatan çeksiz mehr uyğotdi.
Robiya YÖLDOŞEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶