TAʼNA
(Kiçik hikoya)
Qator hovlilar oldidagi maydonçada ön-ön beş çoğli bolalar lanka öynaşardi. Ularning lan-kani har tepganida sanaganlari, biri-biridan özganiga şodon qiy-qirganlari maydonça çetida ularni munğayibgina kuzatib ötirgan Muhsinning havasini keltirardi. U öziça bolalarga qöşilib sanar, xuddi özi ğolib kelgandek, baʼzan ular quvonişsa, beixtiyor yuziga tabassum yugurardi. Çor-atrofni ğira-şiragina köroladigan bola tengqurlarining öyinini, öyin deb talaşib-tortişişlarini aniq tasavvur eta olardi. Axir u ham ön yoşlarigaça ular bilan goh lanka, goh futbol, xullas, biri-biridan zavqli öyinlarni birga öynagan, loysuvoq tomlardan tomlarga sakrab, köça çangitib kattalarni bezor qilgan “askar”larning biri bölgan. Faqat...
Öşanda Muhsin tört yoşlarda bölgan. Buvisining har doim avval çuqur xörsinib, keyin afsus-nadomatlar bilan eslaşiça, onasi daladan işdan kelib, endi ovqatga unnamoqçi bölganida kuni böyi soğinib qolganigami, oyoğiga öralaşib xarxaşa qilavergan, kartoşka artayotgan onasining qölidagi piçoğiga yopişganida onasi boşqa piçoqda işini davom ettirgan. Şoşilinçda öğliga qaraşga ulgurolmayotgan vaqtida Muhsinning uhhh... degan ovozidan yugurib kelib ... uning bir közidan qon oqayotganini körgan. Goh bir qölidagi kartoşkaga, goh oldida turgan taqsimçaga urib öynab ötirgan bolaning köziga piçoq qanday qilib tegib ketganini özi ham eslolmaydi. Xuddi tuş kabi elas-elas esida qolgani... közidagi oğriq zarbiga çidolmay yiğlaganlari, kasalxonada enamga, uyimga ketaman, deb töpolon qilganlari... va döxtirlarning “Közingga piçoq tiqmaganingda uyingda yurarding, jöra” deya ovutganlari...
Muhsin esini tanibdiki, onasi uni doim avaylaydi, köngliga qaraydi, xuddi oldida aybdorday, aybini yuvişga çora topolmayotgan odamday yuziga tik qaray olmaydi. Buning sababini u vaqt ötgani sayin – közlari xiralaşa boşlaganida anglaganday böldi.
U aqlli bola edi. Enasining uzun tunlar soçlarini silab, yelkasiga qoqib, dunyoga söqir bölib kelib, yoruğ olamning neligini faqat eşitib yaşayotgan bolalar ham borligi, özining harna bölsa-da körayotganiga quvonişi lozimligini aytib ovutişlari baʼzan siqilgan damlarida yupanç bölardi. Onasining oldida özini mudom yaxşi tutişga harakat qilardi, özini deb onasining qiynalişini istamasdi. Biroq yerga ursa kökka sapçiydigan, hali bolalik şöxliklari tark etmagan ön ikki yaşar bolaning taqdiriga tan berişi ham oson emasdi. Ayniqsa, maktabga borolmaydigan bölib qolgaç, xira bölsa-da körayotganiga qaramay, butun dunyoni zulmat bosgandek, çeksiz-çegarasiz zimistonda faqat yolğiz özi qolib ketgandek juda azoblandi. Baʼzan qöliga tuşgan narsani otib, urib, sindirib, zulmat qaʼrini yorib nurafşon, oppoq, oydin manzillarni izlab ketgisi kelardi. Bunday paytlarda uning köngliga qil siğmas, heç kimni yoniga yölatgisi, heç kim bilan gaplaşgisi kelmasdi. Şunda enasi... boşini xam qilganiça çorasizlik alamidan tili gapga aylanmay qolar, faqat qöllari bilan soçlarini, yelkalarini silardi. Şunda... şunda Muhsinning köngli biroz taskin topib, ovunib qolardi. Keçqurun onasi daladan horib-çarçab qaytganida enasi ham, Muhsin ham bu haqda gap oçişmasdi... Ammo bugun... bugun uning murğak qalbidan otilib çiqqan isyon juda şiddatkor, juda ayovsiz edi: “Nega hamma körgan dunyoni men körolmayman? Nega hamma bolalar kabi men öynab-kulolmayman? Mening bunga haqqim yöqmidi?” Savollar javobi onasiga borib taqalib, yuragini badtar parmalab azoblar, badtar xunobi oşib telbalarça özini ötga, çöqqa urgisi kelardi. Aslida u maydonça çetida şunçaki tomoşabin bölib, maysalar ustida yonboşlab yotgandi. Bariga sinfdoşi Bekki (asli ismi Bekmurod, bolalar uni şunday ataşardi) sabab böldi. Maydonçada lankadan zerikib futbol öyiniga ötgan bolalardan birining tepgan töpi şundoqqina Muhsinning oyoği yoniga kelib töxtadi. Şunda Bekki unga:
– Muhsin, menga ot, – deb qiçqirdi. Bu paytda u töpni egilib olib maydonça tarafga irğitgan edi.
– Senga nima dedim, menga otsang bölardiku, – dedi Bekki jahl bilan raqibi egallab olgan töp ketidan yugurib borayotirib. Keyin jahl ustida:
– Gapniyam kelib-kelib senga aytibman-ov, – dedi hammaga eşittirib. Bu gap Muhsinga xuddi “söqir bölsang ham senga aytibman-ov” deganday tuyuldi. Şunda... şunda birdan Muhsinning butun borliği böşaşib, karaxt bölib qoldi. Endi zavq bilan maydonçada futbol öynayotgan tengqurlari ham, maydonça çetidagi nimalar bilandir maşğul qizçalar ham unga xuddi tuşidagidek, badtar xira körina boşladi, quloqlarida Bekkining “kelib-kelib senga aytibmanov” degan sözlari qayta-qayta aks sado berar, har qaytalangan sayin ovoz tobora kuçayib, uni betoqat qilardi.
U bu azobga qança doş berib turdi, qaçon uyiga qaytdi, özi ham bilmaydi. Bilgani şuki, uyiga qaytganida onasi hovlida kuvi pişardi. Muhsinning avzoyini körib, hayratlanganiça kuvi pişişdan töxtab, ayron yuqi qöllarini etakçasiga artdi-da oldiga yurdi. Nimadir deyişga çoğlanayotgan edi, onasidan burun Muhsinning alamlari sirtiga otilib çiqdi:
– Nega bunday qilgansiz, ona? Yoş bolaning qölidan bir piçoqni olib qöyiş şunçalik qiyinmidi, qiyinmidi? Yo vaqtingiz yetmadimi? Yiğlasam ham nega olmagansiz? Şunday qilsangiz – bir yiğlab qöyardim-da ovunardim, endi umr böyi yiğlaydigan böldimku, ona! Nega olmagansiz qölimdan piçoqni?
Onasi beixtiyor turgan joyida vujudidan mador ketib ötirib qoldi. Yillar böyi könglini kemirib kelayotgan armoni hozir öğlining tilidan taʼna toşlari bölib öziga otilayotgan edi...
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶