24.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
24.09.2026, 13:07
Jamiyat 👁 302

AYoQChI OBOD MAHALLAGA AYLANMOQDA

AYoQChI OBOD MAHALLAGA AYLANMOQDA

Ulugʻ ishlar debochasi

Vatanimiz oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritib, oʻzi belgilagan taraqqiyot yoʻlidan ogʻishmay qadam tashlab kelayotganiga 31-yil toʻlmoqda. Istiqlol xalqimizga oʻz yurtiga beklikni,  munosib hayot kechirish imkonini, oʻz taqdirining haqiqiy egasi boʻlishni, qadr-qimmatini anglab, hayotidan rozi boʻlib yashash imkonini berdi, mehr-oqibat, bagʻrikenglik, hamjihatlik, milliy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik yuraklarimizdan teran joy oldi. Ayni kunlarda tumanimizning qay bir hududiga bormang, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshira borish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, arzon uy-joylar barpo etish, ijtimoiy infratuzilma obʼektlarini koʻpaytirish, yoʻl-transport xizmatini yaxshilash, qisqasi, fuqarolarning turmushi obod, farovon boʻlishi  uchun amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻlasiz. Bu borada “Obod qishloq” dasturi ulugʻ ishlar debochasi boʻlmoqda, deyish mumkin.

Ushbu dasturning joriy yilgi rejasiga kiritilgan “Ayoqchi” mahallasi shu kunlarda chinakam bunyodkorlik, yangilanishlarga yuz tutmoqda.

Dasturga muvofiq mahallada 11 milliard 500 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Avvalo shuni taʼkidlash joizki, mahallada 825 ta xonadonda 1128 ta oila 76 ta koʻchalarda, asosan yakka tartibdagi  hovlilarda istiqomat qilishadi.

Turkmaniston davlati bilan chegaradosh hududda joylashgan mahalla joriy yilda hududning yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obʼektlarini rivojlantirish va shu asosda aholining farovonligini hamda turmush darajasini yuksaltirish maqsadida “Obod qishloq” dasturiga kiritilgani aholining ayni koʻnglidagi orzulariga hamohang boʻldi.

Asosan qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, turkman, rus, tatar kabi turli millat vakillari bir oila farzandlariday ahil, inoq, tomirlari chatishib, quda-anda, qarindosh boʻlib yashayotgan mahalla aholisi hayoti oʻziga xos, barcha fuqarolar ham yurtimizda amalga oshirilayotgan ulugʻvor oʻzgarishlarga hamohang tarzda oʻzlarining mehnatlari bilan  oʻz  turmushini obod etishga intilmoqda. Ularning 164 nafari turli korxona-tashkilotlarda ishlashadi,18 nafari  tadbirkorlik bilan, 14 nafari kasanachilik, 7 nafari savdo-sotiq, 14 nafari  chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik bilan, 28 nafari tadbirkorlikning turli sohalari bilan, 174 nafari mavsumiy ishlar bilan band boʻlsa, 25 nafari oʻz-oʻzini band qilib, oilasiga daromad keltirmoqda.

Mahalladagi har bir xonadon tomorqa yeriga, chorvasiga ega va barcha oilalar ham oʻzlarining ehtiyojiga yarasha sabzavotlarni oʻzlari yetishtirib, ortganini bozorda ham sotib, qoʻshimcha daromad oladilar.

Toʻrtta aholi punktidagi 76 ta koʻchalarda  istiqomat qilayotgan ayoqchiliklar hayotiga “Obod qishloq” dasturi doirasidagi amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari oʻzgacha fayz baxsh etishiga shubha yoʻq.

Obodlik yoʻlidagi bunyodkorliklar

Mahalla fuqarolar yigʻini tashkil etilganidan, yaʼni 2013-yildan beri moslashtirilgan binoda faoliyat yuritib keldi. Hatto devorlari ham toʻzib, koʻrimsiz holga kelib qolgan, xonalari tor binoda ishlash xodimlarga ancha oʻngʻaysiz edi. “Obod qishloq” dasturi doirasida mahalla fuqarolar yigʻini uchun maʼmuriy bino qurilishi rejalashtirilgani yigʻin xodimlarinigina emas, barcha aholini quvontirdi. Axir mahalla idorasi binosi koʻrkam, chiroyli boʻlsa, shu elning faxri boʻladi-da!

Ayni kunda maʼmuriy bino qurilishini “Talabshan qurilisshi” MChJ quruvchilari amalga oshirishayapti. Qurilish ishlariga asosan hududning ishsiz yoshlari jalb etilganligi yana bir quvonchli holat. 350 million soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga qurilayotgan binoga  poydevor quyish ishlari poyoniga yetkazilib, devori koʻtarilayapti. Gʻisht terayotgan yigitlarning qoʻli-qoʻliga tegmay ishlayotganidan qurilish qisqa muddatlarda yakunlanishini his qilish qiyin emas.

Hududda faoliyat koʻrsatayotgan 69-sonli maktab rekonstruktsiya qilinib, qoʻshimcha bino qurilishi rejaga  kiritilgani mahalla oʻquvchi-yoshlari uchun davlatimiz gʻamxoʻrligining chinakam ifodasi boʻldi, desak adashmagan boʻlamiz. Boisi aholi soni oʻsib borishiga monand ushbu maktabda shu kunga qadar imkoniyatidan ziyod oʻquvchi taʼlim olib kelayotgan, sinfxonalar yetishmas edi. Endilikda maktabga qoʻshimcha bino qurilib foydalanishga topshirilishi bilan bu muammo ijobiy yechimini topadigan boʻldi. Buning uchun 104 kun muddat belgilangan va 2 milliard 300 mln. soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilgan. Pudratchi tashkilot “Amudaryo maxsus qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari ushbu obʼektni oʻz muddatida qurib, foydalanishga topshirishga intilishmoqda. Hozirgi kunda esa asosiy binoni ichki-tashqi pardozlash, qoʻshimcha bino devoriga gʻisht terish ishlari qizgʻin davom etmoqda.

Mahallada bulardan tashqari 4,54 kilometrlik ichki yoʻllarni taʼmirlash, shundan 1 kilometrdan ziyodiga beton qoplama yotqizish, shuningdek, qolganlariga tuproq va tosh yotqizish, joriy taʼmirlash ishlari ham rejalashtirilgan. 2 ta suv tozalash inshooti qurilishi, 1,2 kilometr piyodalar yoʻlakchasi qurilishi, elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 2,6 kilometrlik liniya tortish va 1 ta yangi transformator oʻrnatish, 33 dona tungi yoritgichlar oʻrnatish, 2 kilometrlik aloqa tarmogʻini tortish, 4 ta chiqindi konteynerlarini oʻrnatish, 7 ta tadbirkorlik obʼektlarini qurish, aholining 60 ta uy-joylarini taʼmirlash ham yil oxirigacha amalga oshiriladi.

Baraka – mehnatdan

Mahallada tadbirkor Jasur Maxsadboyevni hamma ishchan, ishning koʻzini biladigan inson sifatida eʼtirof  etishadi. U 2019-yil “Har bir oila – tadbirkor” dasturi boʻyicha imtiyozli kredit olib, savdo doʻkoni faoliyatini yoʻlga qoʻygan edi. Keyinchalik doʻkon binosini kengaytirib, non, non mahsulotlari pishirish tsexini ham tashkil etdi. Faoliyatidan tushgan daromadi hisobidan non pishirish tsexiga yana bitta pechka sotib olib, faqat buxanka non emas, obi non, choʻrak, patir, somsalar ham pishirishni boshlashdi. Joriy yilda “Shamshodbek va Goʻzaloy” nomli ushbu korxonada mijozlar ehtiyojiga koʻra uchinchi  pech mahalladagi hokim yordamchisi Behzod Oʻrinboyevning bevosita koʻmagi bilan kreditga xarid qilindi va toʻy-marosimlar uchun buyurtma asosida turli nonlar, somsalar, pishiriqlar pishirish yoʻlga qoʻyildi. 4 ta ish oʻrni tashkil etilgan “Shamshodbek va Goʻzaloy” MChJga qarashli paxta tozalash tsexi ham bor. Mazkur tsexda ikki ish oʻrni yaratilgan.

Jamiyat raisi Jasur Maxsadboyev oila aʼzolari mehnat qilayotgan jamiyatga qarashli tsexlardagi ish maromidan, daromadidan koʻngli toʻlsa-da, tinib-tinchib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmaydiganlar toifasidan ekan. U mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, 300 mln. soʻmlik zamonaviy, qulay va ixcham gʻisht zavodi texnologiyalarini  xarid qilayapti. Yaqin kunlarda ayoqchiliklar qurilish uchun gʻishtni olisdan tashib keltirib, ovora boʻlmasdan oʻz hududlarida, hamqishlogʻi Jasur Maxsadboyevdan sotib olish imkoniga ega boʻladilar.

– Hamma gap mehnatda, –deydi u kamtarlik bilan. – Mashaqqatdan qochmagan, mehnat qilgan odam niyatiga yetaveradi, ishi barakali boʻlaveradi.

Non pishirish tsexida uning oila aʼzolarining ishini bir zum kuzatib turgan kishi bu gaplarning isbotini koʻrganday boʻladi. Axir non, non mahsulotlari tayyorlash jarayonidagi barcha bosqichlar oʻz muddatlarida, sifatli bajarilsagina mahsulot totli, xaridorgir boʻladi.

Mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ollayor Qalandarov, hokim yordamchisi Behzod Oʻrinboyev, xotin-qizlar faoli Nigora Polvonova, yoshlar yetakchisi Zafarjon Oʻrozmetovlarning hamjihatlikda hududda aholining tinch-osoyishta, farovon yashashiga erishish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga manzilli koʻmak berish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, bandligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari oʻzining ijobiy samaralarini berayotir. Shu oʻrinda kichkinagina mahallada turli oliygohlarda taʼlim olayotgan 70 nafar talabalar borligini ham tilga olgimiz keladi.

Shunday oila bor...

Mahallada yashash tarzi, farzand tarbiyalash, azaliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni eʼzozlash va oʻzbekona tutumlarga amal qilish borasida koʻpchilikka ibrat boʻlgulik oilalar koʻp. Mehr nuri koʻchasida istiqomat qiluvchi Otamurod aka Boltayev va ahli ayoli Raʼno opalarning oilasi ana shularning biri. Aslida ushbu koʻchaga kirib kelishingiz bilan yoʻlning har ikkala tarafidagi hovlilar atrofidagi tozalik, orastalik, did bilan ekilgan mevali, manzarali  daraxtlar, anvoyi gullar koʻnglingizda ajib bir havas uygʻotib, goʻzallikka, nafosatga oshuftalik joʻsh uradi. Beixtiyor inson barcha yaxshiliklar, ezguliklar ijodkori ekanligiga tan berasiz.

Yashillik oʻrab olgan ulkan hovlini Otamurod aka, Raʼno opalar 1984-yilda qurib koʻchib oʻtishgan ekan.

– Oʻshanda chor-atrof yaydoq dala edi, – deya eslaydi opa oʻsha vaqtlarni. Biroq hovlisining fasad qismi-yu tomorqasida turli mevali daraxtlar koʻkka boʻy choʻzib turgan hozirgi koʻrinishiga qarab bu soʻzlarni tasavvur qilish qiyin. Tomorqadagi olma, nok, shaftoli kabi mevali daraxtlar hosilini koʻtarolmay, shoxlari larzon, uzumlarning mevasi sollanib turishlari yerga mehr berilsa, saxovatini  ayamasligini dalillab turganday tuyuladi odamga.

Bu manzarani koʻrib haqiqiy mirishkor dehqon odamlar oilasiga keldik, deb oʻylagandik. Adashgan ekanmiz. Otamurod aka umr boʻyi 69-sonli maktabda oʻqituvchi, Raʼno opa hududdagi  maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi, mudira boʻlib ishlagan, ularning hayotda topgan eng ulkan boyliklari – uch qiz, bir oʻgʻilning toʻrtovi ham, kelini ham oʻqituvchi – otasining izdoshlari ekan.

Hozirgi kunda oʻgʻil, qizlar barchasi oilali, farzandli boʻlib, oʻzlaridan tingan. Otamurod aka, Raʼno opalar shu darajaga yetganlarida ham nevaralar parvarishi,  tomorqa ishlarida farzandlariga yoʻlboshchi.

– Har yili shu tomorqamizdan 15 mln. soʻmdan ziyod daromad olamiz. Yil oʻn ikki oy roʻzgʻorga oʻzimiz yetishtirgan sabzavotlarni ishlatamiz. Yana 9 sotix qoʻshimcha tomorqa yerimiz ham bor. U yerga oʻtgan yili 40 tup hosildor navli shaftoli koʻchatlarini ekdim. Hozir yaxshi rivojlanayapti. Kelgusi yil hosilga kiradi, – deydi Otamurod aka. – Eng muhimi – farzandlarimiz hayotda oʻz oʻrinlarini topishdi, oilalari tinch. Endi bor bilimlarimizni, tarbiyamizni 8 nafar nevaralarimizga berayapmiz.

Ularning oilasida boʻlgan kishi oʻzaro ahillikka, katta-yu kichikning mehnatsevarligiga va ana shunday saʼy-harakatlardan bunyodga kelgan obodlik, farovonlikka havas qilishi tayin.

Donishmandlar oilani ham dorilfununga qiyoslashadi. Ha oila – ulugʻ dorilfunun, unda ota-ona ustoz, farzandlar – tolibi ilmdirlar. Ularga nurli kelajak yarata olgan, halol mehnatga oʻrgata olganlar Otamurod aka, Raʼno opalar kabi oʻz umrlaridan mamnun boʻlib yashaydilar. Ana shunday saodatli manzillarga yetmoq barcha ota-onalarga nasib etishini tilaymiz.

Bugun mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorliklar, yangilanishlar odamlarning baxtiyor, farovon va oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashiga, inson qadrini yuksaltirishga qaratilganligini barcha teran anglamoqda. Zero “Yangi Oʻzbekistonda el aziz – inson aziz” degan ezgu gʻoya buni yaqqol ifodalaydi.

Yangilanayotgan Oʻzbekistonimizning kichik bir boʻlagi – Ayoqchi mahallasi aholisi ham buni oʻz hayotlarida his qilmoqda, istiqlol bergan bunday dorilomon kunlar mangu boʻlmogʻini tilab yashamoqda.

 

Oygul RAJABOVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026