22.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
22.09.2026, 04:56
Jamiyat 👁 445

Farhod Kamolov: uni hamma taniydi

Farhod Kamolov: uni hamma taniydi

Mangʻitlik (Alloh rahmat qilsin) Ismoil ota Kamolov va Valentina Petrovna Kuznetsovalar oilasini nafaqat tumanda, balki Qoraqalpogʻiston Respublikasida, mamlakatimizning turli hududlarida alohida hurmat-ehtirom bilan tilga oluvchilar koʻp. Chunki umr boʻyi avtogaraj mudiri boʻlib ishlagan Ismoil ota Kamolov hamda oʻzining butun ongli hayotini yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlagan Valentina Pet­rovna Kuznetsovalar birgalikda yaratgan oila goʻshasidagi oʻziga xos milliy-maʼnaviy tarbiya muhiti, qolaversa, Ismoil ota bilan Valya opaning (uni amudaryoliklar oʻzlariga yaqin olib shunday atashadi) mahalla-koʻyda, oʻzlari ishlagan mehnat jamoalarida tutgan oʻrni va obroʻ-eʼtibori bu baynalmilal oilani xuddi qon-qarindoshlarday xalq mehr-muhabbatiga sazovor etgan, oilada voyaga yetgan farzandlar ham ana shu mehr taftini his etib ulgʻayishdi.

Xalqimiz oilani teran ildizli daraxtga oʻxshatishadi. Bu oʻxshatishda oʻziga xos ramziy maʼno bor. Chunki zamini unumdor boʻlgan hududda ungan daraxtning ildizi mus­tahkam, shoxlari teran va bar­avj boʻladi. Ismoil ota bilan Valya opa oilasi, agar taʼbir joiz boʻlsa, ana shunday ildizi mustahkam, shoxlari teran, sermeva daraxtday Amu eliga ildiz qoʻydilar, biri-biridan aqlli, bilimdon farzand­larni tarbiyalab, voyaga yetkazdilar. Farhod Kamolov ana shunday mehr-oqibat qulf urgan maʼnaviyatli oilada tugʻilib-oʻsdi.

Insonning shaxs sifatida shakl­lanishida ona mehri va tarbiyasi muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan olib qaraganda, kasbi oʻqituvchi boʻlgan Valentina Petrovna har bir farzandining xulq-atvori va qiziqishlaridan kelib chiqib, ularga alohida mehr bilan tarbiya berdi. Maishiy va radiotexnika vositalari bilan shugʻullanish Farhod Kamolovning sevimli mashgʻuloti edi.

Shu bois, Farhod umumtaʼlim maktabini tugatib, 1976-yilda Fargʻona shahridagi maishiy xizmat koʻrsatish texnikumining radiotexnika boʻlimiga oʻqishga kirganida ota-ona­si, ayniqsa, Valentina Petrovna chin dildan quvonishdi. Ota-onasining duosini olib, orzulari yoʻlida taʼlim olishga kirishgan Farhod Kamolov 1979-yilda mazkur bilim dargohini muvaffaqiyatli tamomladi.

1979-1981-yillarda harbiy xizmat burchini ado etgach, ilk mehnat faoliyatini 1981-yilda Mangʻit shahrida yagona boʻlgan “Zangori ekran” ustaxonasida ishlashdan boshladi.

Hamma davrlarda ham malakali mutaxassislar qadrlangan. Farhod Kamolov ham oʻz sohasining mohir ustasi va bilimdoni edi. Shu bois, uni 1982-yilda Nukus Radio-televideniye uzatish markazining Mangʻit Radio-televizion stantsiyasi boʻlimiga elektromexanik vazifasiga ishga qabul qilishdi.

Tobora shiddat bilan rivojlanib borayotgan radio va televideniye tarmogʻiga soha yangilik­larini joriy etish, Mangʻit radio-televizion stantsiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiya­tini oshirish davr taqozosi edi. 1989-yilda Farhod Kamolovni Mangʻit Radio-televizion stantsiyasi rahbarligi lavozimiga tayinlashgach, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlish orzusi uni Toshkent elektrotexnika aloqa institutiga yetakladi va 1991-1997-yillarda mazkur oliygohda aloqa muhandisi yoʻnalishida tahsil oldi.

Farhod Kamolov Mangʻit RTSga ilk rahbarlik qilgan paytda stantsiyaning oʻz binosi yoʻq, moddiy texnika vositalari bilan taʼminlanganlik darajasi nihoyatda past edi. Mangʻit RTS 1989-yilda oʻsha vaqtdagi sobiq qishloq xoʻjalik kasb-hunar texnika bilim yurti (SSPTU–75) ning yotoqxona binosida joylashgandi. Shu bois, aholiga radio va televideniye dasturlarini sifatli ravishda uzatish imkoni kam, radio-televizion efirlar vaqtida baʼzan uzilishlar ham boʻlib turardi. Ana shunday paytlarda Farhod Kamolov vaqt bilan hisoblashmay ishlar, baʼzan tonggacha RTSda qolib ketardi.

– Qiyin vaziyatlar koʻp boʻlardi, – eslaydi u. – Efirlardagi qisqa uzilishlar, sifatsiz efir toʻlqinlari tufayli ayrim yurtdoshlarimiz RTSga qoʻngʻiroq qilishib, koʻngilga ogʻir botadigan gaplarni ham aytishardilar. Xafa boʻlish xayolimga ham kelmasdi, jimgina efirni toʻgʻrilashga urinardim.

Insonni hayotdagi, ishdagi muammolar charchatib, yuz-koʻzlariga keksalik muhrini bosadi. Agar oila muhiti sogʻlom, oʻzaro mehr-oqibat tuygʻulari ustuvor boʻlsa, bunday muhit har qanday muammo va charchoqdan odamni forigʻ qiladi. Bu jihatdan Farhod Kamolovning omadi chopgan. Umr yoʻldoshi Maqsudaxon aya Polvonova umrining har lahzasida unga mehribon doʻst va hamdam. To pensiyaga chiqquniga qadar qaynonasi kabi oʻqituvchilik kasbini ardoqlab, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga masʼullik hissi bilan yashab, mehnat qilgan, sharafli kasbi tufayli yuzlab yoshlarning sevimli ustozi darajasiga yetgan Maqsudaxon aya Polvonova mahalla-koʻyda ham, oilasida ham hurmat-ehtiromga munosib onaxon. Farhod Kamolov bilan ahil va elda ibratli oilasida 5 nafar farzandni oʻqimishli, kasb-korli qilib tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Farzandlarining biri ota kasbini egallab, harbiy aloqachi sifatida faoliyat yuritsa, yana biri buvijoni va onasi kabi oʻqituvchi, boshqalari tibbiyot xodimi, MTT tarbiyachisi.

1992-yilda 36-sonli maktab yaqinida Mangʻit RTS uchun yangi bino qurilganida Farhod Kamolov xuddi oʻz oilasi uchun imorat qurilganday quvondi. Oʻshanda RTSning yangi binoga koʻchirilishini butun oila aʼzolari, doʻstlari bilan nishonlashgan. Quvonmay boʻladimi? Yangi binodan soʻng, 1993-yilda balandligi 50 metrlik antenna ham oʻrnatilib, ishga tushirildi.

Hayotidagi, ish faoliyatidagi har bir yangilik va oʻzgarishda Maqsudaxon ayaning, farzand­larining, jondan aziz onajoni Valentina Petrovnaning hissasi, mehrini chin dildan his etgan Farhod Kamolov oilasidan hamisha koʻngli toʻq, umr yoʻldoshi, farzandlariga ishonchi baland. Shundanmi, u xizmat safarlariga ham xotirjam borib, oʻz sohasi boʻyicha doimiy oʻqib-izlanishni aslo kanda qilmadi.

2006-yilga kelib butun Oʻzbekis­ton aholisini radio-teledas­turlar bilan 100 foiz sunʼiy yoʻldosh orqali qamrab olishga qaratilgan Xitoy davlati bilan hamkorlikdagi loyiha ishga tushirildi. Loyihaning ishga tushirilishi qanchalik muhim ahamiyatga ega boʻlmasin, uni amaliyotga izchil joriy etishda jiddiy muammolar ham yoʻq emasdi. Buning uchun malakali mutaxassislar tomonidan keng qamrovli taʼlimiy tavsiya berilishi, Xitoy uskunalarini oʻrnatish va amaliyotda qoʻllash ishlarini soha boʻyicha koʻrgazmali usulda mutaxassislarga namoyish qilish, bundan ham muhimi, keltirilgan asbob-us­kunalarni bexato oʻrnatish zarur edi. Shu maqsadda Farhod Kamolovni Xitoy davlatining Shanxay shahriga, malaka oshirishga yuborishdi. U malaka oshirib qaytgach, Qoraqalpogʻiston Respublikasining bir qancha tu­man­larida mazkur loyihani amalga oshirishda soha mutaxassislariga amaliy yordam koʻrsatdi.

Xonadonlarimizda bizni zeriktirmay, hayot quvonchlari va tashvishlaridan, dunyo yangilik­laridan xabardor etib, maʼnaviy-maʼrifiy mavzulardagi suhbatlar orqali muhim tarbiya­viy taʼsir oʻtkazuvchi televideniye koʻrsatuvlarini bamaylixotir tomosha qilib, radio efir toʻlqinlaridan taralayotgan musiqiy ohanglarni zavqlanib tinglash har birimiz uchun odatiy holga aylangan. Televizorning pultini shunchaki qoʻlimizga olib, xohlagan tugmachasini bosib qoʻysak bas, telekanallar ham, radio eshittirishlar ham bir zumda koʻz oldimizda namoyon boʻladi. Lekin ana shu qulaylikni bizga taqdim etayotgan insonlarning tun-u kun betinim qilayotgan fidoyi mehnatlari haqida, toʻgʻrisi, oʻylab ham koʻrmaymiz. Farhod Kamolov Oʻzbekistondagi yuzlab ana shunday fidoyilardan biri.

— Agar oila aʼzolarim, Maqsudaxon opangiz, onam va farzand­larim meni qoʻllab-quvvatlab turmaganlarida butun hayotim va mehrimni sevimli kasbimga bagʻishlab ishlay olmasdim, barchasi uchun oilamdan minnatdorman, — deydi u mamnuniyat bilan.

Farhod Kamolov xorijiy safarlarga chiqqan paytlarida farzandlarining taʼlim-tarbiyasi yolgʻiz Maqsudaxon ayaga qolib ketar, buni umr yoʻldoshi ogʻrinmay ado etardi. Ayniqsa, bolalarining taʼminoti masalasida qanchalik qiynalmasin, barchasini aql-farosat, sabr-qanoat bilan yengib oʻtishga odatlangan Maqsudaxon aya umr yoʻldoshini xorijiy safarlarga kulib kuzatib, mamnuniyat bilan kutib olardi.

2016-yilda mamlakatimizdagi barcha RTSlarga raqamli texnologiyalarni joriy etish ishlari boshlandi. Bu safar RTSlarga Yaponiyada ishlab chiqarilgan uskunalar oʻrnatiladigan boʻldi. Endi soha mutaxassislari oldida yangi Yaponiya texnologiyalarini ishlab chiqarish va taʼmirlash jarayoni bilan tanishish hamda ularni amaliyotda qoʻllash boʻyi­cha koʻnikmaga ega boʻlish muammosi turardi. Yana Farhod Kamolov oila tashvishlarini ayoliga qoldirib, bir qancha vaqt Yaponiyaning Fukusima shahridagi oʻtkazgichlar ishlab chiqaradigan zavodda ishlab, malaka oshirib qaytdi va oʻzlashtirgan bilim hamda koʻnikmalarini sohaga muvaffaqiyatli tatbiq etdi.

U 32-yil davomida Mangʻit RTSga rahbarlik qildi. Tarixan qisqa, lekin mazmunan zalvorli bu yillar Farhod Kamolov zimmasiga xalqni sifatli axborot bilan taʼminlash, ular hayotiga tobora oʻzgarib, takomillashib borayotgan dunyo yangiliklarini shaffof holatda olib kirish, radio-teleefirlar sifatini yaxshilashdek masʼu­liyatli vazifani yukladi. Fidoyi va mashaqqatli mehnat, uyqusiz tunlar, oʻqish va izlanishlar, ketma-ket xorijiy safarlar zahmati ortidan bu vazifalar ham bekamu koʻst ado etildi.

Farhod Kamolov ayni paytda nafaqada, 13 nafar nabiraning sevimli bobosi. Maqsudaxon opa bilan onajoni, mangʻitliklarning ardoqli ustozi, koʻplab shogirdlarning moʻʼtabar Valya opasi — Valentina Petrovnaning duolarini olib, keksalik gashtini surmoqda. Ayni paytda umrining 65 bahorini qarshilagan Farhod Kamolovning xalqimizni sifatli axborot bilan taʼminlashdek xayrli ishga qoʻshgan mashaqqatli va kamtarin xizmatlarini biz — OAV sohasi xodimlari yuksak qadrlaymiz va bu fidoyi insonga yanada uzoq, sermazmun umr, sihat-salomatlik tilaymiz.

Robiya Yoʻldosheva.

 

🎬 Videogalereya Barchasi →
Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026 Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi 19.08.2026 Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi 19.08.2026 Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi 17.08.2026